3

Bir guruh ulamo va soha xodimlarini “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash marosimi o‘tkazildi

16-noyabr – Xalqaro bagʻrikenglik kuni munosabati bilan turli konferensiya va anjumanlar, davra suhbati va uchrashuvlarni oʻz ichiga qamrab olgan “Bagʻrikenglik haftaligi”ning oʻtkazilishi – jamiyatda bagʻrikenglik gʻoyalarining mustahkamlanishi, turli millat va elat hamda diniy konfessiya vakillari oʻrtasida oʻzaro doʻstlik va hamjihatlik munosabatlarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qilayotgani alohida eʼtirofga loyiq.

Taʼkidlash lozimki, oxirgi yillarda mamlakatimizda diniy-maʼrifiy soha rivoji yoʻlida keng koʻlamli islohotlar hayotga tatbiq etilmoqda. Ushbu jarayon soha xodimlaridan ham alohida masʼuliyat va faollik talab etadi. Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, ularning fidoyiligi, sharafli mehnatlari eʼtirof etilib, qadrlanmoqda.

Bugun poytaxtimizdagi “Wyndham Tashkent” mehmonxonasida bir guruh hamyurtlarimizni “Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Tadbirga turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari va diniy konfessiya vakillari, milliy madaniy markazlar faollari, yurtimizda millatlararo doʻstlik va diniy bagʻrikenglik rishtalarini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshayotgan hamyurtlarimiz hamda OAV vakillari taklif etildi. 

Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiq Toshboyev yuksak mukofotga sazovor boʻlganlarni samimiy muborakbod etib, bugun yurtimiz ravnaqi yoʻlida fidokorona mehnat qilayotgan hamyurtlarimizga katta muvaffaqiyatlar tiladi va yuksak mukofotlarni oʻz egalariga topshirdi.

Maʼlumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-sentabrdagi “Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, ushbu koʻkrak-nishoni bilan diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni targʻib etish, fuqarolar eʼtiqod erkinligini taʼminlash, dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash va maʼnaviy muhit barqarorligini saqlashdagi ibratli ishlari uchun yetuk ulamolar, atoqli arboblar, diniy soha rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda xorijiy olimlar taqdirlanishi belgilangan.

Ushbu tantanali tadbirda soʻzga chiqqanlar tomonidan yurtimizda davlatimiz rahbari tomonidan diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar natijasida fuqarolarning vijdon erkinligi, din va millatlararo totuvlik taʼminlanayotgani, mazkur koʻkrak nishonining taʼsis etilgani diniy sohaga boʻlgan yuksak eʼtiborning yaqqol namunasi ekani taʼkidlandi.

Mukofotlanganlar oʻzlarining quvonchlari, dil kechinmalarini izhor qilib, yuksak eʼtiborga sazovor boʻlish hissi ularni yanada ulugʻvor ishlarga undashini, yosh avlodni bagʻrikenglik ruhida tarbiyalashda yangi kuch-gʻayrat berishiga asos boʻlishini taʼkidladilar.

Tadbir davomida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bir guruh professor-o‘qituvchilari hamda xodimlari “Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandilar.

– Akademiya rektori maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev;

– O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi professori, iqtisod fanlari doktori, akademik Nurislom To‘xliyev;

– “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi professori, iqtisod fanlari doktori Ravshan Abdullayev;

– “Ijtimoiy fanlar va huquq” kafedrasi mudiri, yuridik fanlar doktori, professor Nigora Yusupova;

– “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi dotsenti Azamat Nazarov;

– Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i Shukrullo Jo‘rayev “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rahbariyati va jamoasi nomidan barcha mukofotlanganlarni mazkur yutuqlari bilan muborakbod etib, ularning kelgusidagi faoliyatlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz.

Izoh qoldirish