8

Yangi Oʻzbekiston kitob va kutubxonadan boshlanadi

Oʻzbekistondagi bagʻrikenglik siyosati tufayli, hozirda yurtimizda yagona oila boʻlib yashayotgan 130 dan ziyod millat va elat vakillariga oʻz ona tili, urf-odat va qadriyatlarini rivojlantirishi uchun hamma shart-sharoitlar yaratilmoqda. 

Shu maʼnoda mamlakatimizda milliy madaniy markazlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, millati, irqi va diniy eʼtiqodidan qatʼiy nazar, fuqarolar ongida koʻp millatli yagona oila tuygʻusini mustahkamlashga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Ushbu yoʻnalishlarda olib borilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida “16-noyabr – Xalqaro bagʻrikenglik kuni” doirasida 11-16-noyabr kunlari yurtimizda Bagʻrikenglik haftaligi oʻtkazilmoqda.

Hafta davomida rang-barang tadbirlar, madaniy-maʼrifiy, ilmiy-amaliy anjumanlar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.

Haftalik doirasida joriy yilning 13-noyabr kuni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Yangi Oʻzbekiston kitob va kutubxonadan boshlanadi” nomli qardosh xalqlar yozuvchi va shoirlari kitoblari koʻrgazmasi tashkil etildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi vakillari, Milliy madaniy markazlar raislari va faollari, yozuvchi, shoir va olimlar, OAV bilan birga, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirok etishdi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi foyesida tashkil etilgan kitoblar koʻrgazmasiga 300 dan ziyod kitoblar qoʻyilgan. Kitoblar 10 ta kitob javonlariga terilgan boʻlib, alohida katta javon buyuk shoirlar Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarining turli tillardagi tarjimalari, shuningdek, Navoiy va Bobur ijodi haqida xorijlik olimlarning tadqiqotlari jamlangan toʻplamlardan iborat.

Koʻrgazmadan jahon mumtoz adabiyoti vakillari Yunus Yumro, Jaloliddin Rumiy, Akif Ersoʻy, Shandor Petyofi va boshqalarning oʻzbek tiliga tarjima qilingan asarlari, zamonaviy qardosh adabiyot vakillari Chingiz Aytmatov, Anor, Sulton Rayev, Yoqub Umar oʻgʻlining qissa, roman va hikoyalardan iborat toʻplamlar oʻrin olgan. 

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari Gʻayrat Majid koʻrgazmaning ochilish marosimida bunday tadbirlarning oʻtkazilishi yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, turli millat vakillari oʻrtasida doʻstlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Azamat Toshev mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yosh yigit va qizlarimizning maʼnaviy va maʼrifiy saviyasini doimiy yuksaltirish birinchi darajali ahamiyatga ega ekanligi, yoshlarda kitobxonlik madaniyatini yanada rivojlantirish, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash oʻta sharafli vazifaligini alohida taʼkidladi. Shuningdek, Oʻzbekistonda qardosh xalqlarning Abdurahmon Jomiy, Maxtumquli, Abay, Chingiz Aytmatov kabi adabiyot namoyandalari nomi abadiylashtirilib, ularga chuqur hurmat-ehtirom koʻrsatilayotganiga eʼtibor qaratdi.

Tadbirda soʻzga chiqqan Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Rustam Musurmon, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, qozoq shoirasi Lola Yunus qizi, tojik yozuvchisi Xisrav Saʼdullo, rus yozuvchisi Artyom Goroxov, Oʻzbekiston qirgʻiz milliy madaniy markazi raisi Rahmatilla Jabborov, Respublika Turkman madaniy markazi raisi Guldona Avezdurdiyeva va boshqalar kitobga muhabbat, uni qadrlash, oʻqishga ishtiyoq xalqlarimizning qon-qoniga singib ketganini, soʻnggi yillarda yoshlarni kitobxonlikka jalb qilishda salmoqli ishlar amalga oshirilganini eʼtirof etishdi, mamlakatimizda turli millat yozuvchilari va shoirlari uchun yaratilgan keng imkoniyatlar xususida soʻz yuritishdi. 

Ushbu tadbirlar aholini, ayniqsa, yosh avlodni respublikamizda yashab turgan millat va elat vakillarining tili, madaniyati, anʼanalari va urf-odatlarini saqlash va rivojlantirishga faol jalb etishga, mamlakatimiz taraqqiyotiga oʻz hissasini qoʻshishga, jamiyatda koʻp millatli katta oila tuygʻusini, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Izoh qoldirish