“Bagʻrikenglik haftaligi” doirasida Xalqaro press-klub sessiyasi o‘tkazildi
BMT Bosh assambleyasining qaroriga koʻra, 1997-yildan buyon 16-noyabr har yili butun dunyoda “Xalqaro bagʻrikenglik kuni” sifatida nishonlanib kelinadi. Bu sanani bizda, Oʻzbekistonda nishonlash ham yaxshi anʼanaga aylangan. 2019-yildan davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu sana Oʻzbekistonda haftalik tarzida keng nishonlanib kelinmoqda. Bu yil ham ushbu anʼana davom etib “Bagʻrikenglik haftaligi” boʻlib oʻtadi. 7 kun davomida haftalik doirasida Xalqaro press-klub sessiyasi, davra suhbatlari, konferensiyalar, fotokoʻrgazma va boshqa madaniy-maʼrifiy va ilmiy-amaliy tadbirlar oʻtkaziladi.
Davlatimiz milliy siyosatining eng muhim, ustuvor yoʻnalishlaridan biri barcha millatlarning ravnaqi uchun teng sharoit va imkoniyat yaratish, millatlararo munosabatlarni uygʻunlashtirishdir.
Oʻzbekiston bugun butun dunyo mamlakatlari uchun bagʻrikenglik namunalarini oʻzida mujassam etgan davlat sifatida namuna boʻlmoqda. Oʻzbekistonning bu koʻp asrlik tajribasi oʻzbek millatiga xos bagʻrikenglik xususiyatlari Markaziy Osiyo va boshqa rivojlangan mamlakatlar uchun andoza boʻlib xizmat qiladi, deb ayta olamiz.
Mazkur muhim vazifalarni amalga oshirish maqsadida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita qator tashkilotlar bilan birga Xalqaro bagʻrikenglik kuniga bagʻishlab mamlakatimizda 11-16-noyabrda Bagʻrikenglik haftaligini oʻtkazilmoqda.
Haftalikning asosiy maqsadi aholi, shu jumladan bolalar va yoshlarda fuqarolik burchini anglash, vatanparvarlik, shaʼn va qadr-qimmat, fuqarolik masʼuliyati, shuningdek bagʻrikenglikka asoslangan millatlararo muomala madaniyati xis-tuygʻusini mustahkamlash orqali ularning jamiyat rivojidagi ishtirokini faollashtirish, millatlararo totuvlik va konfessiyalararo bagʻrikenglik hissini yanada kuchaytirishga xizmat qilish.
Dastur doirasida joriy yilning 11-noyabr kuni Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Media markazida mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, xorijiy davlatlar bilan doʻstlik aloqalarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan “Oʻzbekiston – bagʻrikeng diyor” mavzusida Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Press-klub sessiyasida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Azamat Toshev, Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Davronbek Maxsudov, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uygʻun Gʻafurov, Respublika turkman madaniyat markazi raisi, Oliy Majlis deputati Guldana Avezdurdiyevalar spiker sifatida qatnashdilar.
Ular turli etnik guruhlarga mansub kishilarning turmush tarziga, xatti-harakatiga, tuygʻulariga, fikriga, gʻoyalari va eʼtiqodlariga keng feʼllik va sabr-toqatlilik koʻrsatishni taqozo etuvchi asosiy demokratik prinsiplardan biri sifatada bagʻrikenglik nafaqat davlat, balki shaxsiy, kishilar guruhlari darajasida ham yanada koʻprok qaror topayotganligini taʼkidlab oʻtishdi.
Sessiya ishida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita raislari, masʼul vazirlik va idoralar, milliy madaniy markazlar, doʻstlik jamiyatlari hamda respublikada faoliyat olib borayotgan diniy konfessiyalar rahbarlarining axborotlari eshitildi.
Izoh qoldirish