8

Axborot xurujlari, dezinformatsiya va manipulyatsiya

Bugun tez surʼatlar bilan o‘zgarib borayotgan, shiddatli va ayni paytda o‘ta murakkab zamonda yashamoqdamiz. Mutaxassislar bu davrni “globallashuv asri” deb atashmoqda. Boisi, yer yuzining qaysidir bir chekkasida yuz bergan voqeadan bir necha soniya ichida butun dunyo ahli xabar topmoqda. Bu esa shubhasiz, hayotimizda internetning o‘rni va roli nechog‘liq oshib borayotganidan dalolat beradi.

Bugun shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Axborot xurujlari, dezinformatsiya va manipulyatsiya” mavzusida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.

“Xalqaro munosabatlar va raqamli texnologiyalar” fani doirasida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Yoshlar bilan ishlash, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Xalqaro axborot tahririyati bosh muharriri G‘ayrat Xonnazarov, Bosh muharriri o‘rinbosari O‘tkir Alimov, Strategiya va monitoring bo‘limi boshlig‘i Abduaziz Xidirov, Prezident Pool markazi xodimi Behruz Xudoyberdiyev, “Xalqaro munosabatlar” kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdilar.

Mutaxassislarning fikricha, axborot xuruji bu – raqib ustidan axborot hukmronligiga erishish va shuning evaziga unga moddiy, mafkuraviy yoki boshqacha zarar yetkazish uchun davlatning harbiy kuchlari, hukumati hamda xususiy tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan tadbirlar va operatsiyalar majmuasi hisoblanadi.

Taassufki, axborot xurujlari ta’siriga eng ko‘p beriladigan aholi qatlami bu yoshlardir. Bugungi globallashuv davrida axborot kommunikatsiya texnologiyalarining jadal sur’atlar bilan rivojlanishi axborot tahdidlarining ham kuchayishiga olib kelmoqda. Internet vositasida ishlaydigan dasturlar, ijtimoiy tarmoqlar orqali juda katta oqimda ma`lumotlar almashishi ro‘y bermoqda. 

Seminarda so‘z olganlar axborot xurujlarning asl maqsadi, dezinformatsiya va manipulyatsiya atamalarining mohiyati haqida so‘z yuritdilar. Maʼnaviy tahdid va yoshlar ongini egallashga qaratilgan axborot xurujlari kun sayin avj olayotgani, axborot xurujlarining yolg‘on axborot tarqatish, ijtimoiy ongni manipulyatsiya qilish, milliy-maʼnaviy qadriyatlarni yemirish, mentalitetga mutlaqo yot bo‘lgan qadriyatlarni targ‘ib etish, xalqning tarixiy xotirasini buzish va o‘zgartirish, kiberterrorizm kabi turlari keng tarqalayotgani ta’kidlandi.

Tadbirda milliy ma’naviyatimizga yot g‘oyalarga qarshi kurashishda ta’lim va tarbiya uyg‘unligi muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Talabalarga zamonaviy axborot xurujlaridan ogoh bo‘lish, huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirib borish borasida zarur tavsiyalar berildi. 

Yakunda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish