423

Soha fidoyilari munosib taqdirlandi

Avval xabar berib o‘tganimizdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida bir guruh taniqli ulamolar, islomshunos olimlar, tajribali imom-xatiblar, mohir mudarrislar, faol otinoyilar va diniy soha xodimlarini “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan mukofotlash tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Behzod Musayev, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, nufuzli ulamolar, islomshunos olimlar, tajribali imom-xatiblar, diniy soha xodimlari va OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov kirish so‘zi bilan ochib berarkan yurtimizda istiqlolning 30 yillik tantanalari yuqori kayfiyatda nishonlanayotganligi, ushbu buyuk ne’matga erishish yo‘li naqadar murakkab bo‘lganini qayd etdi. Hurriyat yo‘lida qanchadan-qancha ziyoli, mard, vatanparvar bobolarimiz shahid bo‘lgani, ularni xotirlash, dorilomon kunlarga shukronalar aytish muhim ekanini alohida ta’kidladi.

Taqdirlash marosimida so‘zga chiqqanlar so‘nggi besh yillikda diniy-ma’rifiy sohada olib borilgan ulkan islohotlar va erishilgan yutuqlar nafaqat xalqimiz, balki xalqaro hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etilayotganini qayd etishdi.

Darhaqiqat, islom dini rivoji yo‘lida beqiyos xizmat qilgan buyuk muhaddis bobolarimizning diniy va ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etish maqsadida Samarqandda – Imom Buxoriy, Surxondaryoda – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, Toshkentda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari ish olib bormoqda.

Bayram tadbirida taniqli ulamolar va tajribali imom-xatiblarning Islom dini ma’rifatini keng tarannum etish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, tinchlik va osoyishtalikni, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, yosh avlodni sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazishda alohida fidoyilik ko‘rsatayotganlari yuksak e’tirof etildi.

Shundan so‘ng mamlakatimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, uning jahon miqyosidagi shon-shuhratini oshirishga katta hissa qo‘shayotgan, aholi farovonligini yuksaltirishda ibrat va namuna bo‘lib kelayotgan, jamiyatimizda tinchlik va barqarorlikni, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, yosh avlodni sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda alohida fidoyilik ko‘rsatayotgan yurtdoshlarimizga “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni tantanali ravishda topshirildi.

Mukofotlanganlar orasida diniy-ma’rifiy sohada fidokorona mehnat qilayotgan taniqli ulamolar, tajribali imom-xatiblar, jonkuyar mudarrislar va diniy soha xodimlarining ham borligi quvonarlidir.

Ushbu yuksak mukofotni qo‘lga kiritganlar mamlakatimiz ravnaqi, dinimiz rivoji, elimiz farovonligi yo‘lida yanada shiddat mehnat qilishlarini izhor etib, davlatimizning yuksak e’tirofiga munosib bo‘lishlarini bildirdilar.

Marosim yakunida esdalik nishoni bilan taqdirlanganlar uchun Akademiya hovlisida bayram dasturxoni yozilib, osh tarqatildi. Yig‘ilganlar duoga qo‘l ochib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi uchun ezgu tilaklar bildirishdi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish