1

Ozarbayjon hukumati rahbari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

Joriy yilning 5-6-noyabr kunlari Boku shahridagi Butunjahon diniy yetakchilar global sammiti doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi bir qator uchrashuv va muloqotlar oʻtkazdi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri Ali Asadov bilan uchrashdi. Muloqotda Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, mamlakatlarimizning anʼanaviy yaqin va doʻstona munosabatlarini yanada mustahkamlash, ilm-fan, madaniyat va diniy-maʼrifiy sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. 

Uchrashuvda Butunjahon diniy yetakchilar global sammitining ahamiyati haqida soʻz yuritilib, mazkur tadbir xalqlar va turli din vakillari oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga katta hissa qoʻshishi, bu borada qardosh mamlakatlar diniy yetakchilari oʻrtasidagi hamkorlik juda ham muhim ekani taʼkidlandi.

Ali Asadov oʻz soʻzida ikki mamlakat hukumatlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan ijobiy oʻzgarishlarni yuksak baholab, bundan keyin ham Oʻzbekiston Ozabayjonning eng yaqin ishonchli hamkori boʻlib qolishiga katta ishonch bildirdi. Shuningdek, u Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Qorabogʻning Fuzuliy shahrida umumtaʼlim maktabi bunyod etilganini eʼtirof etish barobarida bu ajoyib maktabni ozar xalqiga sovgʻa qilgani uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga chuqur minnatdorlik izhor etdi.

Izoh qoldirish