Islom sivilizatsiyasi markazi: o‘tmish, bugun va kelajak tutashgan makon
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining navbatdagi Kengaytirilgan Ilmiy kengashi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, O‘zR FA O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori Jannat Ismoilova, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, Sharqshunoslik instituti direktori Bahrom Abduxalimov, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, san’atshunos olim Akbar Hakimov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash bo‘yicha Direksiya o‘rinbosari Rustam Shoabdurahmonov, soha mutaxassislari, olimlar hamda tadqiqotchilar ishtirok etdilar.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakatimiz asrlar davomida jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismi, islom madaniyati markazlaridan biri boʻlib kelganini aks ettiradigan ilmiy-tarixiy konsepsiyani ishlab chiqish va amalga oshirishni maqsad qilgan.
Islom sivilizatsiyasi markazining navbatdagi Kengaytirilgan Ilmiy kengashi yigʻilishida dastlab, ushbu haftalik natijalari boʻyicha yakuniy hisobot muhokama etildi.
Haftalik doirasida oʻtkazilgan forumlar, konferensiyalar, anjumanlar, simpoziumlarda Buyuk Britaniya, Rossiya, Fransiya, Yaponiya, Hindiston, BAA, Turkiya kabi 20 dan ortiq mamlakatdan 100 ga yaqini xorijlik ishtirokchilar tashrif buyurdi. Mamlakatimizdan 200 nafardan ziyod olimlar, ilmiy tadqiqotchilar, soha mutaxassislari ishtirok etdi. Xorijiy ilmiy muassasalar, markazlar hamda tashkilotlarning rahbarlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, jadallashtirish va qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirishga oid 30 dan ortiq amaliy uchrashuvlar oʻtkazildi. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ekspozitsiyalarining asosini tashkil etuvchi 400 ga yaqin ilmiy va innovatsion loyihalar simpozium, konferensiyalarda muhokama etildi.
Shundan soʻng Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitishga qaratilgan ilmiy loyihalar va yangilangan konsepsiyani tasdiqlash, Markazning ishlab chiqilgan yangilangan ilmiy konsepsiyasi, ilmiy loyihalarini Vasiylik Kengashiga taqdim etish uchun tahrir xayʼati aʼzolarini tasdiqlash kabi masalalar muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbarining “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans asosi” mavzusidagi VIII xalqaro kongressining ochilish marosimida uning ishtirokchilariga yoʻllagan tabrigida mohiyat eʼtibori bilan oʻzida Vatanimizning shonli oʻtmishi, bugungi hayoti va buyuk kelajagini namoyon etishga xizmat qiladigan bu zamonaviy maskanda turli ilmiy muhokamalar, bahs-munozaralar oʻtkazish, dolzarb gʻoya va kashfiyotlarni ilgari surish, yangi ilmiy kontentlar ishlab chiqish uchun barcha sharoitlar yaratib berilishi taʼkidlangan.
Ilmiy kengash yigʻilishini boshqargan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov markaz qurilishi va uning ekspozitsiyasini yangi mazmun bilan boyitish bilan bogʻliq ishlar bevosita davlat rahbarining doimiy eʼtiborida ekanini taʼkidladi.
Yigʻilish yakunida kengaytirilgan ilmiy kengash aʼzolari tomonidan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitishga qaratilgan kelajakdagi istiqbolli ilmiy loyihalar va yangilangan konsepsiya tasdiqlandi.
Izoh qoldirish