5

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan oʻrni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchilarining MUROJAATI

Muhtaram Prezident Janobi Oliylari,

Sizning “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan oʻrni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchilariga yoʻllagan tabrigingizni biz barchamiz konferensiyamiz uchun oʻziga xos dasturilamal sifatida qabul qildik.

Oʻzbekiston zaminida tavallud topib, oʻzining benazir isteʼdodi, bilim va tafakkuri, ezgu fazilatlari bilan islom olamida shuhrat qozongan buyuk allomalarning boy ilmiy merosini oʻrganish va targʻib etish borasidagi faoliyatimizga alohida eʼtibor qaratib, kamtarona mehnatimizga yuksak baho berganingizdan gʻoyat mamnunmiz va buning uchun Sizga samimiy minnatdorligimizni izhor etamiz. 

Hech shubhasiz, biz – islomshunos, termiziyshunos olim va tadqiqotchilar haqidagi iliq va haqqoniy fikrlaringiz bizni yanada koʻproq izlanib, yangi-yangi tadqiqotlar yaratishga, islom dinining Siz taʼkidlab aytgan tinchlik, ezgulik va insonparvarlik mohiyatini keng ochib berishga ilhomlantiradi.

Biz, Yangi Oʻzbekistonda Sizning bevosita rahbarligingizda barcha jabhalarda, xususan, taʼlim, fan, madaniyat va maʼrifat, diniy munosabatlar yoʻnalishida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni katta eʼtibor bilan kuzatamiz va har tomonlama qoʻllab-quvvatlaymiz. 

Bu sohalardagi oʻzgarishlar Oʻzbekiston xalqi oʻz oldiga oliy maqsad qilib qoʻygan Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish yoʻlida chin dildan harakat qilayotgani va bu intilish ulkan amaliy jarayonga aylanib borayotganidan dalolat beradi.

Azal-azaldan buyuk allomalar yurti, tinchlik va doʻstlik diyori sifatida nom qozongan Oʻzbekiston zamini bugungi kunda oʻzining tinchlikparvar siyosati bilan xalqaro miqyosda tobora yuksak obroʻ-eʼtibor qozonayotgani bizni behad mamnun etadi. 

Bu, hech shubhasiz, Sizning davlat rahbari sifatida chuqur oʻylab olib borayotgan oqilona siyosatingiz, jahon miqyosida ilgari surayotgan ezgu va xayrli tashabbuslaringiz samarasidir.

Ayniqsa, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida bayon etilgan va jahon hamjamiyati tomonidan qoʻllab-quvvatlangan “Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga daʼvat etadi”, degan fikringiz mamlakatda olib borilayotgan tinchlikparvarlik siyosatining asl maʼno-mazmunini oʻzida yaqqol namoyon etadi.

Siz ilm-fanni rivojlantirish, oʻzlikni anglash, yoshlar tarbiyasi, islom dinining asl mohiyatini idrok etish kabi masalalarni davlat siyosati darajasiga koʻtarib, Birinchi va Ikkinchi Sharq Uygʻonish davriga mansub koʻplab yorqin namoyandalarning jahon va islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan bebaho hissasini oʻrganish, ularni yangi sharoitda hayotga tatbiq etish boʻyicha keng koʻlamli ishlarni amalga oshirmoqdasiz.

Bunga “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qaroringiz va ana shu tarixiy hujjat asosida Termiz shahrida oʻtkazilgan “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan oʻrni” kabi mavzulardagi xalqaro anjuman ham yorqin misol boʻla oladi.

Biz Sizning ana shu kabi tashabbuslaringizni toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz va Oʻzbekistonning diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarini xalqaro miqyosda targʻib etishda faol hamkorlik qilishga tayyormiz.

“Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan oʻrni” mavzusidagi nufuzli xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda Imom Termiziy va termiziy allomalarning ilmiy merosiga doir turkum ilmiy maʼruzalar tinglandi va anjuman yakunida tegishli qaror hamda Termiz deklaratsiyasi qabul qilindi.

Anjumanni tashkil etishdan koʻzlangan maqsadga toʻlaqonli erishildi, deb hisoblaymiz.

Biz oʻtmishda yashab oʻtgan buyuk mutafakkirlarimiz qoldirgan buyuk va bebaho merosni oʻrganish, asrab-avaylash va targʻib etish borasidagi sharafli va masʼuliyatli ishga oʻz hissamizni qoʻshayotganimizdan mamnunmiz. 

Zero, Oʻzbekistonning madaniy merosi butun insoniyatning boyligidir.

Muhtaram Prezident Janobi Oliylari, 

Oʻzbekistonda ilm-fan va diniy sohani qoʻllab-quvvatlash, ulugʻ allomalarning ilmiy merosini chuqur oʻrganish va targʻib etish uchun zarur sharoitlar yaratib berilayotganini eʼtirof etib, buning uchun Sizga yana bir bor chuqur ehtiromimiz va tashakkurimizni izhor etishga ijozat bergaysiz. 

Islom dini mohiyatida mujassam boʻlgan ezgulik va insonparvarlik gʻoyalarining tub mazmun-mohiyatini ochib beradigan buyuk mutafakkirlar asarlarini oʻrganish, targʻib etish va kelajak avlodga bezavol yetkazishda bundan buyon ham Sizning eng yaqin koʻmakchingiz boʻlib qolishga tayyormiz. 

Siz, janobi oliylariga mustahkam salomatlik va Yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti yoʻlidagi gʻoyat masʼuliyatli va sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Yuksak ehtirom bilan, 

“Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan oʻrni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchilari

                                               Termiz shahri, 2024-yil 17-oktabr

Manba: “Xalq so‘zi” gazetasi

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish