5

Oʻz kelajagimizga bolta urmaylik

Mulohaza

Bugungi hayotimizni ijtimoiy tarmoqlarsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Zero, endilikda koʻpchiligimiz zamonaviy gadjetlardan tinimsiz foydalanyapmiz, shuning barobarida oʻzimiz sezgan-sezmagan holda oʻzligimizdan uzoqlashib boryapmiz.

Tadqiqotlar jarayonida aniqlanishicha, hozir dunyo ahlining 73 foizi Internetdan foydalanadi. Soʻnggi bir yil mobaynida ularning soni 200 million nafarga ortgan. Mijozlarning 92,4 foiz mobil qurilmalar vositasida Internet xizmatidan bahramand boʻladi, salkam 4,7 million kishi ijtimoiy tarmoqdan faol foydalanadi. Ularning asosiy qismini 18-35 yoshlilar tashkil etadi.

Binobarin, Internet allaqachonoq hayotimizning uzviy qismiga aylanib ulgurdi. Baʼzi kishilar undan ezgu maqsadda foydalanishadi, baʼzilar esa aksincha yoʻl tutishadi. Ana shuning oqibatida bugun tarmoqlar kimlarningdir dabdabali toʻylarini yoki birovlarga bergan ehsonlarini ommaga koʻz-koʻz qilayotgan, har xil bachkana qiliqlar, hatto uyatli holatlar aks etgan videolar bilan toʻlib toshmoqda. Eng achinarlisi, baʼzi insonlarda xuddi shunday koʻrsatuvlarni koʻrishga moyillik kuchli. Ular qimmatbaho vaqtlarining maʼlum qismini behuda narsalarga sarflashyapti. Bu oʻta achinarli hol, albatta.

Yoshlarni-ku, qoʻya turaylik, lekin katta yoshli insonlar orasida ham totalizator oʻyinlar va treyderlar ommalashib ulgurganiga nima deysiz? Koʻplab kishilar ularga misqollab topgan pullarini, avtomashinasini, hatto uylarini ham tikib yuborishmoqda. Bunaqa oʻyinlar orqali hech kim boyib ketmasligini koʻra-bila turib, unga vaqt va mablagʻ sarflash oʻtaketgan ahmoqgarchilik emasmi? Ahvol shu ketishda davom etaversa, oqibati nima boʻladi? Biz oʻz hayotimiz va kelajagimizni barbod qilmaymizmi?

XXI asr tom maʼnoda axborot texnologiyalari asriga aylandi. Lekin bu ulardan pala-partish foydalanib, xohlagan ishni qilaverish mumkin degani emas. Aks holda, oʻsha vositalar asr vabosiga aylanishi, biz esa oʻzligimizni yoʻqotishimiz tayin.

Bu bilan men ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishdan butunlay voz kechish kerak demoqchi emasman. Faqat “Asalning ham ozi shirin” deganlaridek, har narsada meʼyor boʻlishi lozimligini, agar uni unutsak, xunuk oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkinligini, soʻnggi pushaymondan esa foyda yoʻqligini eslatmoqchiman. Qanday xulosa chiqarish esa, oʻzingizga havola.

Muxlisa Muxtorova,

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Xalqaro jurnalistika” yoʻnalishi 3-bosqich talabasi

Manba: “Ishonch” gazetasi 2024-yil 26-oktabr, 118-son

Izoh qoldirish