496

Yangi kitoblar taqdimoti

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan “30 yillikka 30 kitob” nomli kitoblar taqdimoti o‘tkazildi.

Ushbu taqdimot tadbiri O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan hamda buyuk mutafakkir ajdodimiz Abu Mansur Moturidiy hayoti va ilmiy-ma’naviy merosini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida tashkil etildi.

Anjumanda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Davronbek Maxsudov, soha olimlari, professor-o‘qituvchilar, yosh ilmiy tadqiqotchi va xorijlik mutaxassislar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ochib, yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalda oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ma’lumot berib o‘tdi. Jumladan, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining qisqa fursatda erishgan yutuqlarini e’tirof etib, tadbir ishtirokchilarini eng aziz bayramimiz – mustaqilligimizning 30 yillik shodiyonasi bilan muborakbod etdi.

Shuningdek, tadbirda soha vakillari, olimlar tomonidan Markaz tomonidan amalga oshirilgan nashrlar, ularning Imom Moturidiy ilmiy merosi hamda moturidiylik ta’limoti mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishdagi ahamiyati, xususan, moʻtadil ta’limotni ta’minlashdagi o‘rni yuzasidan fikr-mulohazalari bayon qilindi.

Ta’kidlash kerakki, bundan 9 oy oldin tashkil qilingan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi tomonidan bugungi kunga qadar nashr etilgan 30 nomdagi kitob, jumladan, buyuk allomalarimizning ilmiy merosini jamoatchilikka yetkazish yuzasidan Imom Moturidiy “Ta’vilot al-Qur’on” asari 29-juzi, Mulla Ali Qori “Sharh al-Fiqh al-akbar”, Burhoniddin Marg‘inoniy “Hidoya” asarlarining o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli tarjimalari taqdim etildi.

Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan olimlar hayoti va ilmiy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan 10 ta xalqchil risola, zamonaviy islomshunoslik masalalariga doir 6 ta kitob, 6 ta aqida matnlari, shuningdek, turli mavzularga oid o‘quv-uslubiy qo‘llanma, kitob va risolalar ham taqdim etildi. Taqdimotda “Moturidiylik” ilmiy-ma’rifiy jurnalining nishona soni ham namoyish etildi.

Anjumanda, Turkiyadagi Saljuk universiteti Imom Moturidiy markazi direktori Rejep Tuzju “Ta’vilot al-Qur’on” asarining o‘zbek tiliga tarjima qilinishi musulmon olamida ulkan ahamiyat kasb etishini ta’kidlagan holda, ushbu xayrli ishga bosh-qosh bo‘lgan O‘zbekiston hukumati hamda Markaz ilmiy jamoasini muborakbod etdi.

Misrlik moturidiyshunos olim, ilohiyot fanlari doktori Ahmad Sa’d Damanhuriy O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etishga oid qarorining amaliy ahamiyatini yuqori baholagan holda, “Ta’vilot al-Qur’on” asarini tarjima qilish tarjimondan ulkan mahorat va mas’uliyat talab etishini ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan, g‘oyaviy ziddiyatlar avj olgan globallashuv sharoitida bu kabi tarjimalarga ehtiyoj mavjudligini aytdi.

Tadbir davomida Markaz tomonidan tayyorlangan kitoblar moʻtadil islom ta’limotini keng targ‘ib qilishda, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashda o‘ziga xos o‘rin tutishi alohida ta’kidlandi. Yakunda olimlar ishtirokida bu kabi ilmiy davra suhbatlarini muntazam o‘tkazib turish takliflari berildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish