476

Vatanimiz istiqlolining 30 yilligiga munosib tuhfa

Diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar sarhisobi va yangi nashrlar taqdimoti o‘tkazildi.

Dunyo sivilizatsiyasiga beshik bo‘lgan yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bunda xalqimizning boy ilmiy-tarixiy, ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib qilishga alohida ahamiyat qaratib kelinmoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Vatanimiz istiqlolining 30 yilligi bayrami arafasida diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar sarhisobi hamda boy ma’naviy merosimizni o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida hassos sohaga taalluqli ilmiy, badiiy va ommabop adabiyotlar yaratilishi tahliliga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi. Unda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tomonidan nashrga tayyorlangan kitoblar taqdimoti tashkil etildi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari O‘tkirjon Qodirov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov ishtirok etishdi. Taqdimotda shuningdek, soha olimlari, professor-o‘qituvchilar, yosh ilmiy tadqiqotchi va xorijlik mutaxassislar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Tadbirni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov kirish so‘zi bilan ochib, nufuzli ilmiy tadqiqot markazining faoliyati, ilmiy izlanishlari va noshirlik sohasidagi yangiliklari haqida ma’lumot berib o‘tdi.

– So‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda, – deydi Shoazim Minovarov. – O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish borasidagi davlatimiz rahbarining tashabbuslari beqiyos ahamiyatga ega. Mazkur markazlarni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad esa buyuk ajdodlarimizning juda katta ilmiy-ma’naviy merosini asrab-avaylash, tadqiq va targ‘ib etishdan iborat. Bu esa soha mutaxassislari, olimlar va yosh tadqiqotchilar zimmasiga ulug‘ mas’uliyat yuklamoqda. Bugun e’tiboringizga taqdim etilayotgan noyob kitob va yangi ilmiy-ma’naviy nashrlar ana shu ilmiy izlanishlarning debochasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

– Bugun xalqimiz Vatanimiz istiqlolining qutlug‘ o‘ttiz yilligini keng nishonlash arafasida, – deydi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov. – Bu ulug‘ va yorug‘ kunlar samarasi sifatida sohadagi yangiliklar sarhisobi barchamizga yanada kuch-quvvat bermoqda. Ayniqsa, so‘nggi besh yillik davrida yangi O‘zbekistondagi islohotlar xalqimizni yangi uyg‘onish davriga boshlagani bilan ahamiyatlidir. Bunda esa buyuk ajdodlarimiz ma’naviy-ma’rifiy merosi, ilk tamaddunlarga qo‘shgan beqiyos hissasi qalblarga faxr tuyg‘usini ulashadi, albatta. Birgina misol, ming yillar davomida shakllangan bizning muqaddas dinimiz poydevori aynan ona Vatanimizda tug‘ilib, kamolga yetgan ulug‘ allomalarimiz ilmiy-ma’rifiy izlanishlari asosida mustahkamlandi. Ilm-ma’rifat rivojlanib, butun dunyoga islom madaniyati, islom sivilizatsiyasini taqdim etdi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ham anjuman ishtirokchilarini qizg‘in muborakbod etib, Rossiya Federatsiyasidan O‘zbekistonga qaytarilgan XIII–XIX asrlarga oid qimmatbaho madaniy boyliklarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi fondiga rasman topshirdi. Endi ushbu noyob qo‘lyozma kitoblar, arab, fors va turkiy tillardagi diniy matnlar to‘plami, shuningdek, fors hamda turkiy tillardagi she’rlar va kulolchilik buyumlari Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi hamda kutubxonasidan o‘rin oladi.

Ushbu noyob ma’naviy-madaniy merosimizning yurtimizga qaytarilishida O‘zbekiston davlat bojxona qo‘mitasi faoliyatining ham xizmati alohida e’tirof etildi. Bu xususda davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari O‘tkirjon Qodirov ma’lumot berib, ilmiy-ma’naviy hamkorlik zaruratiga to‘xtalib o‘tdi.

Taqdimot marosimida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida so‘nggi yillarda nashr etilgan kitoblar haqida ma’lumot berildi. Xususan, 2019-2021-yillarda Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan takomillashtirilgan fan dasturlari asosida 148 nomdagi yangi o‘quv adabiyotlar (shu jumladan, 21 ta darslik va 127 ta o‘quv qo‘llanma va 8 ta uslubiy qo‘llanma) yaratildi.

Shuningdek, so‘nggi uch yilda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Manbalar xazinasi” bo‘limi tomonidan 18 nafar fuqaromiz xonadonida saqlanib kelingan 121 ta kitob – 25 ta qo‘lyozma, 94 ta toshbosma, 2 ta oddiy nashr kitoblari sotib olindi hamda ularning qisqa tavsifi amalga oshirildi. Akademiya Xalqaro hamkorlik bo‘limi tomonidan ham xorijiy yurtlardan keltirilgan 362 nomdagi 765 ta kitob va jurnallar “Manbalar xazinasi” fondiga topshirildi.

2019-yil so‘nggi choragida butunlay yangidan nashrga tayyorlanayotgan “Islom ensiklopediyasi”ning 1-jildi chop etildi. 2020-yilda Ensiklopediyaning 2-jildi materiallari saralanib, jarayon davom etmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari, ijodiy jamoalar tomonidan “Islom hamkorlik tashkilotining taraqqiyot bosqichlari”, “Muqaddamat-ul adab: grammatik risolalar”, “Buxoro xattotlik maktabi tarixi va uning madaniy hayotga ta’siri”, “Tasavvuf ta’limoti va amaliyotini tadqiq qilishning psixologik jihatlari”, “O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlari”, “Milliy g‘oya: millatlararo munosabatlar”, “Talaba yoshlarda mafkuraviy immunitetni shakllantirish: pedagogik tahlil”, “Markaziy Osiyo boshqaruv madaniyati tarixidan”, “Islomdagi yo‘nalishlar va mazhablar”, “Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati, diniy an’ana va urf-odatlar”, “E’tiqod psixologiyasi”, “Dinshunoslikka kirish”, “Hindiston va Xitoy diniy e’tiqodlari va madaniyati”, “Musulmon mamlakatlari diplomatiyasi”, “Movarounnahr allomalarining ilmiy merosi”, “Qiyosiy dinshunoslik” kabi ko‘plab o‘quv qo‘llanma va adabiyotlar nashr etildi.

Konferensiya davomida XII asr oxiri va XIII asr birinchi yarmida Movarounnahrning Ustrushana vohasida tavallud topib, ustozi Burhoniddin Marg‘inoniyning ma’naviy xazinasidan chuqur bahramand bo‘lgan alloma – Imom Abul-Fath Muhammad ibn Mahmud ibn Husayn ibn Ahmad Majduddin al-Ustrushaniyning yangidan nashrga tayyorlangan “Jomi’ ahkom as-sig‘or”, ya’ni “Bola huquqlari kodeksi” asari taqdimoti o‘tkazildi.

– Bola huquqlariga doir “Jomi’ ahkom as-sig‘or” jahon sivilizatsiyasi tarixidagi benazir asarlardandir, – deydi siyosiy fanlar doktori, professor Zohidullo Munavvarov. – U voyaga yetmagan bolalar huquqi bo‘yicha fiqhiy qo‘llanma bo‘lib, asrlar davomida amalda bo‘lib kelgan va musulmon dunyosi bo‘ylab keng tarqalgan. Musulmon olamida Imom Ustrushaniydan oldin ham, keyin ham bolalar huquqlariga taalluqli bunday mukammal fiqhiy asar yozilmagan. Mazkur asar XIX asr boshida Yevropada paydo bo‘lgan ilk huquqiy to‘plam – Fransuz fuqarolik kodeksidan olti asr avval dunyo yuzini ko‘rgan. Mazkur kodeksda bola huquqlariga oid muammolar atigi 5 ta moddadan iborat bo‘lsa, Ustrushaniy asarida bolaning ona qornida shakllanishi davridan boshlab, balog‘at yoshiga yetguniga qadar bo‘lgan huquqlari 1300 ga yaqin fatvolar shaklida 45 yo‘nalishga bo‘linib tavsif etilgan. Fatvolarda ko‘tarilgan muammolar va ularning yechimi bugun ham o‘zining dolzarbligini saqlab qolayotgani e’tiborlidir.

Anjumanda Imom Buxoriy, Imom Termiziy hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari mutaxassislari ham so‘z olib, ilmiy tadqiqotchilar tomonidan amalga oshirilayotgan izlanishlar va yangi nashrga tayyorlangan noyob kitoblar haqida ma’lumot berdi.

Taqdimot yakunida mutaxassislar tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlarining diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar va noshirlik faoliyatiga doir qo‘shimcha savollariga batafsil javob va ma’lumot berildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish