45

Malayziya xalqaro islom universiteti Boshqaruv kengashi a’zosi Sayyid Husayn al-Xabshi Akademiyada

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Malayziya xalqaro islom universiteti Boshqaruv kengashi a’zosi, Dato Shri, doktor Sayyid Husayn al-Xabshi boshchiligidagi delegatsiya mehmon bo‘ldi.

Hurmatli mehmonlarni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, prorektorlar – Ilyos Mirziyotov, Salim Dusanov, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘lim boshlig‘i Ilhom Berdiyorov kutib oldi.

Dastlab mehmonga O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ilmiy salohiyati, fakultetlar va ulardagi ta’lim yo‘nalishlari, talabalarga bilim berishda o‘ziga xos yondashuvlar haqida ma’lumot berildi.

Uyg‘un G‘afurov Akademiya Respublika oliy taʼlim muassasalari milliy reytingida oʻtgan yilgi natijalar boʻyicha 2-oʻrin va oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarining ilmiy salohiyati boʻyicha 1-oʻrinni qayd etganini taʼkidladi.

Oʻz navbatida Sayyid Husayn al-Xabshi samimiy qabul uchun Akademiya rahbariyatiga minnatdorlik bildirib, O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi. O‘zbekiston tinchlik-xotirjamlik hukm suradigan diyor ekanini e’tirof etdi.

Universitet va uning faoliyati haqida maʼlumot berib, universitetda 9 fakultet faoliyat yuritishini bildirdi. 

Oʻz navbatida, rektor Uyg‘un Gʻafurov Akademiyaning Malayziya universitetlari bilan aloqalariga toʻxtalib, bunda Malayziya islom ilmlari universiteti alohida oʻrin tutishini va u Toshkent islom universitetining birinchi hamkorlaridan ekanini qayd etdi. Hamkorlikning istiqbolli sohalari haqida gapirib, turizm, oʻqituvchi va talabalar almashinuvi, arab tili boʻyicha sertifikatlash tizimini joriy etish, yozgi maktablar dasturi kabi loyihalarni amalaga oshirish, xorijiy grantlarni jalb etish, qoʻshma tadqiqotlar olib borish, islom iqtisodiyoti, moliyasi va bank tizimini oʻrganishda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish kabi yoʻnalishlarda aniq rejalarni belgilash taklifini bildirdi.

Bunga javoban Sayyid Husayn al-Xabshi barcha takliflar boʻyicha universitet hamkorlikka tayyor ekanini maʼlum qilib, har bir yoʻnalish boʻyicha masʼullarni oʻzaro onlayn uchrashtirish orqali hamkorlikning barcha jihatlarini batafsil muhokama qilish mumkinligini bildirdi.

Uchrashuv samimiy muloqot koʻrinishida oʻtib, ikki tomon uchun ham samarali tarzda nihoyasiga yetdi.

Yakunda delegatsiya a’zolariga “Manbalar xazinasi” bo‘limida saqlanayotgan nodir qo‘lyozmalar, Usmon Mus’hafi qur’oni bilan tanishdilar.

Delegatsiya koʻrsatilgan yuqori darajadagi qabul uchun minnatdorlik bildirdi.

Izoh qoldirish