57

Kitob va kitobxonlik – inson maʼnaviyati koʻzgusi

Kitob – insonning eng yaqin doʻsti va maslahatchisi hisoblanadi. Uni ilim manbai, deb ham ataymiz. Kitob – fikrlash quroli, xazinalar kaliti, tafakkur manbai hamdir. Uni varaqlar ekanmiz, xulosa chiqarishga oʻrganamiz, dunyoqarashimiz boyib boradi, dunyo ilmlarini kashf etamiz. Bugungi kunda xalqimiz, ayniqsa, yoshlar orasida kitobxonlikni keng targʻib qilishga mamlakatimiz miqyosida eʼtibor qaratilmoqda.

Muhtaram Prezidentimizning 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻibot qilish boʻyicha komissiya tuzish toʻgʻrisida”gi farmoyishi ayni xalqimiz dilidagi ish boʻldi.

Shu maqsadda Toshkent shahridagi “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” majmuasi majlislar zalida “Kitob – maʼrifat mashʼali” mavzusida koʻrgazmali tadbir oʻtkazildi.

Tadbirda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uygʻun Gʻafurov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari, Toshkent islom instituti rektori Muhammadolim Muhammadsidiqov, Toshkent shahar hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar boʻyicha oʻrinbosari Abdulvosid Xomitjonov, Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi mudiri Maʼmur domla Erkayev, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov, taniqli jurnalist va yozuvchi Obiddin Mahmudov, poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar, imom noiblari, mehmonlar ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar, quyosh butun olamni oʻzining zarrin nurlari bilan yoritgani kabi kitob dillarni ilm-maʼrifat nuri bilan munavvar etishi, u donishmandu olimlar fikrlariga toʻlgan bebaho xazina, hikmatlar boʻstoni ekanini taʼkidlashdi. Qolaversa, kitob oʻqing, deb buyurish – yaxshilikka buyurish boʻlib, kitob ilmga yaqinlashtiradi, ilm esa insonni azizu mukarram qilishi aytib oʻtildi.

Ushbu tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar taʼlif va tasnif etgan, tarjima qilgan kitoblarni jamlab, koʻrgazmasini tashkil etish, shu orqali xalqimizni kitobga, mutolaaga oshno etish.

Tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” majmuasi majlislar zalida poytaxtimiz imom-xatiblari taʼlif va tasnif etgan, tarjima qilgan kitoblari koʻrgazmasi bilan ham yaqindan tanishdilar.

Izoh qoldirish