22

O‘zbek tilshunosligining zamonaviy yo‘nalishlari muhokama etildi

Ta’kidlash joizki, ona tili davlat timsoli, mulki, millatning madaniy va ma’naviy boyligi, xalqning madaniyati, urf-odati, tarixini ifodalovchi vosita hisoblanadi. Dunyodagi eng qadimiy va boy tillardan biri bо‘lgan о‘zbek tili milliy о‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimizning timsoli, bebaho ma’naviy boylik hamda buyuk qadriyatimizga aylangan.

Sо‘nggi yillarda yurtimizda barcha soha va tarmoqlar kabi ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlar yangi bosqichga kо‘tarildi. Buning tasdig‘ini о‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obrо‘-e’tiborini tubdan oshirish bо‘yicha qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar misolida yaqqol kо‘rish mumkin.

Quvonarlisi, yurtimizda 21-oktabr – О‘zbek tili bayrami kuni yangicha ruhda keng nishonlandi. Joylarda ona tili rivoji, uni yoshlar orasida targ‘ib qilish maqsadida ma’rifiy tadbirlar, ilmiy anjumanlar tashkil etildi. Ana shunday tadbirlardan biri bugun О‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida bо‘lib о‘tdi.

Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti “О‘zbek va xorijiy tillar” kafedrasi tomonidan “O‘zbek tilshunosligining zamonaviy yo‘nalishlari” mavzusida tashkil etilgan respublika ilmiy-amaliy anjumanida sohaga taalluqli muhim masala va muammolar muhokama etildi. 

Konferensiyada O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bо‘yicha prorektori Zohidjon Islomov, Turkiya davlati Ushoq universiteti Fan va adabiyot fakulteti professori, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, professor Solmaz Erhan Doğan, Turkiya davlati Bartin universiteti professori, filologiya fanlari doktori, professor Z.Xudoyberganova, Moskva davlat lingvistika universiteti dotsenti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori ilmiy-tadqiqot instituti yetakchi ilmiy xodimlari, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori, professor M.Hakimova, Iqtisodiyot va pedagogika universiteti professori, filologiya fanlari doktori, professor X.Narxodjayeva, Navoiy davlat pedagogika instituti professori, filologiya fanlari doktori, professor R.Davlatova, Termiz davlat universiteti, Farg‘ona davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, О‘zbekiston jahon tillari universiteti, Buxoro davlat universiteti, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi qoshidagi akademik litsey o‘qituvchilari, akademiya tayanch doktorantlari, magistr va talabalar ishtirok etdilar. 

Ona tilimizning davlat va jamiyat hayotidagi  mavqeyini yanada yuksaltirish, о‘zbek tilining о‘ziga xos xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, istiqboli bilan bog‘liq ilmiy tadqiqotlar samarasini oshirish, о‘zbek nazariy tilshunosligi, leksikologiya va leksikografiyasi, shuningdek, о‘zbek tili ta’limi muammolari, davlat tilida ish yuritish va nutq madaniyati masalalari borasida fikr va tajriba almashish, sohada amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qilish va bu boradagi takliflarni ishlab chiqish anjumanning pirovard maqsadi bо‘ldi.

Online va ZOOM platformasi orqali onlayn formatda о‘tkazilgan konferensiya “Tilshunoslikning dolzarb masalalari: muammo va yechimlar”, “Davlat tili va uning nufuzi”, “Milliy va umuminsoniy qadriyatlar va davlat tilining sohalarda qо‘llanilishi”, “Sharq va g‘arb tilshunosligining dolzarb muammolari” kabi shо‘balarga bо‘linib, unda ishtirokchilar mavzuga doir maqolalari, ilmiy mulohazalari bilan faol ishtirok etishdi. 

Tadbirni О‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov tabrik sо‘zi bilan ochib berarkan, anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi. Shundan sо‘ng konferensiyada sohada ilmiy izlanish olib borayotgan mahalliy va xorijlik tadqiqotchilarning “О‘zbek tili tarixi bo‘yicha nodir manba”, “Xorijiy o‘zbek tilidagi merosimiz”, “Alpomish dostonidagi formal iboralar”, “O‘zbek nutq sintezatori va uning funksional imkoniyatlari”, “O‘zbek nutqiy muloqoti madaniyatini shakllantirish mexanizmlari”, “Turkiyada o‘zbek tilining o‘qitilishida raqamli texnologiyalarning tatbiqi tajribasi”, “Tinglash madaniyatining kommunikativ sifatlari”, “O‘zbek tili – milliy o‘zligimiz va birligimiz ramzi”, “Konnotativ birliklarning gazeta matnlarida janrlararo farqlanishi” kabi qator mavzulardagi ma’ruzalari tinglandi.

Darhaqiqat, istiqlol yillarida ona tilimiz tom ma’noda davlat tiliga aylanib, xalqimizni yurtimizda erkin va ozod, farovon hayot qurishdek buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida maydonga chiqdi. Bugun yurtimiz “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning yangi, yanada yuksak bosqichiga kо‘tarilib, amalga oshirilayotgan keng kо‘lamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi о‘rni va nufuzi tobora oshib bormoqda. О‘zbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda faol qо‘llanib, xalqaro minbarlarda baralla yangrayapti. 

Anjumanda sо‘z olganlar ona tilimiz imkoniyatlaridan unumli foydalanish, uning boy til ekanini targ‘ib qilish zarurligi, millatning taraqqiy etishi, dunyo sahnasida rivoj topishida ham aynan ona tili muhim rol о‘ynashini qayd etishdi.

Chindan ham bugungi globallashuv davrida har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat о‘z milliy manfaatlarini ta’minlash, bu borada avvalo о‘z madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishi tabiiydir. О‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obrо‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-о‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini tо‘laqonli joriy etishni ta’minlash ustuvor maqsadga aylanishi zarur.

Qizg‘in muhokamalar, bahslarga boy о‘tgan anjuman yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Ona tilimiz sofligini asrash, uning rivoji yо‘lidagi say-harakatlarni jadallashtirish, keng imkoniyatlaridan tо‘g‘ri foydalanish lozimligi ta’kidlandi. Bu borada hamkor tashkilotlar bilan birgalikda, ilmiy-amaliy anjumanlarni muntazam о‘tkazishga kelishib olindi. 

Ta’kidlash kerak, konferensiyaga taqdim etilgan, dolzarb mavzular aks etgan, muammoning о‘rganilish darajasi va metodologik asosi yoritilgan, tahlil va yechimlarni aniq ifoda etilgan, xulosa va tavsiyalarni izchillikda bayon etilgan maqolalar alohida tо‘plam sifatida chop etiladi. Bu esa о‘zbek tili nufuzini yanada oshirish, rivojlantirish yо‘lidagi dadil qadam bо‘lishi, shubhasiz.

Tadbir yakunida Akademiya talaba-yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan insholar tanlovi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Izoh qoldirish