14

Abdulla Avloniy: “Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”

O‘zbek tilini yanada takomillashtirish, uning dunyo miqyosidagi nufuzini oshirish masalasi davlat va jamiyat uchun muhim masalalardan sanaladi. Inchunin, oʻz ona tiliga ega millatning milliy xususiyatlari, ming yillik anʼanalari, tarixi yashaydi. Buyuk maʼrifatparvar ijodkor Abdulla Avloniy aytganidek, “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”, degan edilar. 

Oʻz ona tiliga eʼtiborli, qadrli boʻlgan millat taraqqiy etadi, yuksaladi. Bu yuksalish ham inson maʼnaviy oʻsishiga ham davlat, jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladi. Albatta, ona tili bu xalqning maʼnaviy jihatlarini koʻrsatuvchi maʼrifat oynasi, millat ruhini oʻzida mujassamlashtirgan maʼnaviyat chashmasi hisoblanadi.

Bu borada, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Ona tilimiz – milliy maʼnaviyatimizning bitmas-tuganmas bulogʻidir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom koʻrsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir”, deya taʼkidlagan edilar. Darhaqiqat, davlatning milliy tiliga boʻlgan eʼtibor bu millatning ruhiga, uning maʼnaviy jihatlariga boʻlgan eʼtiborning amaliy ifodasi hisoblanadi. 

Davlatimiz siyosatining negizini ham milliy til, ona tiliga eʼtibor tashkil etadi. Ayniqsa, ona tiliga davlat tili maqomi berilishi yuzasidan ilk qadamlar sobiq ittifoq davrida, yaʼni 1989-yil 21-oktabrda qoʻyilgan edi. Bu boradagi islohotlarning uzviy davomi sifatida 1995-yil 21-dekabrda yangi tahrirda “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonun va bunga qoʻshimcha qarorlar qabul qilinishi oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Shu jihatdan, soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar asosida ham ona tilining qadri, hurmati, mavqei yuqori oʻringa qoʻyilganini koʻrish mumkin. 

Xususan, Oʻzbekiston Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni va bu farmon asosida Davlat tilini rivojlantirish va takomillashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilganligi, buning yaqqol dalilidir. Shuningdek, mazkur islohotlarning uzviy davomi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6084-sonli Farmoni va mazkur farmonga ilova sifatida “2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish” konsepsiyasining ishlab chiqilishi, bunda tilni yanada takomillashtirish, uning nufuzini oshirish borasida qoida va ustuvor yoʻnalishlarning belgilanishi Davlat va jamiyat maʼrifiy hayoti uchun muhim vazifalardan boʻldi.

Darhaqiqat, davlat tomonidan ona tilining mavqeini saqlash va mustahkamlash uchun saʼi harakatlar olib borilayotgan ekan, har bir fuqaro bundan mustasno boʻlmagan holda, oʻz ona tiliga hurmat bilan qarashi, uning sofligini saqlash uchun intilishi kerak. Ona tilimizning sofligini asrash va kelgusi avlodga maʼnaviy boylik sifatida sof holda yetkazish – insoniy burchlarimizdan biridir. Shuningdek, millat mulki sifatida qadrlanadigan ona tilimizni yosh avlod ongiga singdirish va ularni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalashimiz lozim. Chunki tilga eʼtibor – bu millatga, uning milliy jihatlariga eʼtibor ekanligini unutmasligimiz kerak. 

Biroq jamoat joylarida, hatto tashkilot va muassasalarda ham ona tilimizning sofligiga putur yetkazilayotgan holatlarni koʻrib, bir oz ranjiysan. Soʻzlashuv madaniyati u yoqda tursin, yozuv madaniyatida ham ancha xatoliklarni koʻrib, koʻnglimiz xijil tortadi. Darhaqiqat, imlo qoidalariga rioya qilish, grammatik nuqtai nazardan xatosiz yozish – bu insonni savodli, ilmli ekanligidan darak beradi. Savodli boʻlish uchun koʻproq oʻqish va yozish sanʼatini imkon qadar oʻrganish lozim. 

Maʼlumki, koʻpgina oʻrinlarda “x” bilan “h”ni farqlolmaslik holatlari kuzatiladi. Natijada “x” yozilishi kerak boʻlgan oʻrinlarda “h” yoziladi yoki aksincha. Birgina taʼlim bilan bogʻliq muassasa eshigida “Xujjatlarni qabul qilish toʻhtatiladi” yoki yuqori tashkilotlarda Oʻzbekiston xaritasi koʻrsatilgan holda viloyat nomlari “Buhoro”, “Jizzah” tartibida yozilgan. Bundan tashqari, “a” yozilishi kerak boʻlgan oʻrinlarda, “o” yozilyapti va talaffuz qilinyapti. Misol uchun, Bohodir, Gʻofur, Rovshan, Komola, Movjuda, Movluda va boshqalar. Shahrimiz koʻchalaridagi eʼlonlar, reklamalarda ham yozuv qoidalariga rioya qilinmagan holatlarning guvohi boʻlamiz. Oʻzbek tilida soʻzlashuvchi oʻquvchi-yoshlarga diktant yozdirib koʻringchi, qancha soʻz toʻgʻri yozilganligini topa olasiz. Savodli oʻquvchilar ham talaygina, ammo negadir guruchning kurmagi koʻpayib ketayotgandek, nazarimizda. Bu yetmagandek, olib borilayotgan maʼruza va yigʻilishlarda ham adabiy til normasidan chiqish yoki nutqiy gʻalizlik holatlariga duch kelamiz. Aksariyat yoshlarimiz, hatto ona tilida soʻzlashishga qiynaladi. Oʻzbek tiliga boshqa tillarni qoʻshib gapirishni madaniyat, deb biladigan insonlar talaygina. Tashkilotlardagi baʼzi rahbarlar ham ona tilida gapira olmasligi, kishini hayratlantiradi. 

Savodsizlik holatlaridan nolib, bir gazeta muharriri shunday degan edi: “Maqolalarni tahrir qilganda, gʻij-gʻij xatolarga koʻzim tushadi. Nega shunchalik savodsiz boʻlib ketyapmizmi yoki kitob mutolaa qilishga dangasa boʻlib boryapmizmi?”. Darhaqiqat, savodsizlik, soʻz boyligining yoʻqligi, nutqdagi gʻalizlik kitob mutolaa qilmaslikdan, bilim olishga intilmaslikdan kelib chiqadi. Respublikamizdagi gazeta va jurnallarning ilmiy saviyasi yaxshilanib borgani sayin, negadir, gazetxon, jurnalxonlarning soni kamayib, savodsizlik avj olmoqda. Bilimsizlik, savodsizlik oqibatida esa, ona tilimizning imkoniyatlari cheklanib, bargsiz daraxtga oʻxshab, yalangʻoch boʻlib qolmoqda. Qarangki, Alisher Navoiy hazratlari turkiy tilga nisbatan salbiy munosabat boʻlgan oʻsha davrlarda, tilimizning imkoniyatlarini oʻz asarlari, gʻazallari orqali koʻrsatib berganlar. “Tilga eʼtibor – elga eʼtibor”, millat mulkiga eʼtibor, hurmat ekanini ham taʼkidlaganlar. Nega biz ona tilimizni buzishimiz, uni oʻzga tillar bilan qorishtirib, kamsitishimiz kerak. Axir bizning kim ekanimizni koʻrsatadigan ona tilimiz emasmi?

Dars jarayonida bir talaba: “Ustoz, biz rus tilini bilmasak, bilimsizlikda ayblashib, kulishadi, ammo ona tilimizni bilmasak yoki buzib gapirsak, hech kim bizni bilimsizlikda ayblamaydi, kulmaydi ham. Nima, ona tilimizning qadri yoʻqmi?”, deb qoldi. Talabaning bu mulohazasi orqali unda ona tiliga nisbatan qaygʻurish hissini koʻrish mumkin. Aslida, ona tilini bilmaslik yoki buzib gapirish bu millatga, xalqga nisbatan hurmatsizlikdir. Toʻgʻri, boshqa tillarni oʻrganish bugungi davrning muhim talabi, ammo bu ona tilini unitish yoki buzish hisobiga boʻlishi kerak emas. Shu oʻrinda aytish mumkinki, koʻpgina yoshlarimizda Vatanni sevish, vatanparvarlik, xalqparvarlik yetishmaydi. Avvalo, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash va ular dunyoqarashida milliy xususiyatlarni shakllantirish kerak. Ushbu mulohazalarga munosabat tarzida boshqa bir talabaning “Ustoz, oʻz ona tilini bilgan va qadrlagan insonda vatanparvarlik tuygʻusi kuchli boʻladi, deb oʻylayman”, deya ona tili haqida aytgan ibratli fikrlari eʼtiborimni tortdi. Darhaqiqat, oʻz tilini bilmagan va yoxud qadrlamagan insonda kosmopolitik qarashlar ustun boʻladi. Zero, kosmopolitizm, nigilizm kabi gʻoyalar milliy taraqqiyotimiz uchun bugungi globallashuv davrida toʻsiq hisoblanadi. Bundan himoyalanishning yagona yoʻli bu yosh avlodni milliy jihatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalashdir.

Xulosa qilib aytganda, tilga eʼtibor, hurmat kimningdir ishi yoki vazifasi emas, balki oʻzini oʻzbek deb bilgan har bir insonning burchidir. Shunday ekan, har bir ilmli inson ona tilini sofligi uchun qaygʻurishi, til millat koʻzgusi ekanligini anglagan holda kelgusi yosh avlod ongu shuurida milliy tilga sadoqat tuygʻusini shakllantirishi lozim. Shundagina ona tilmizdek bebaho millatimiz mulkini asragan va kelgusi avlodga sof holda yetkazgan boʻlamiz.

Lola Azimova,

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi 

“Oʻzbek va xorijiy tillar” kafedrasi dotsenti

Izoh qoldirish