33

O‘zbek tiliga e’tibor millatga e’tibordir

Mamalakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasi yurtimizni dunyo hamjamiyatidagi o‘rni va nufuzini yuqori ekanini ko‘rsatmoqda. Shu jihatdan, yangi O‘zbekistonni qurar ekanmiz, buning uchun barcha muammolarni bartaraf etmoqlik har bir soha vakillari va xalqimiz bajarishi kerak bo‘lgan muhim vazifalardan sanaladi. 

Shu bilan birga, bugungi kunda dolzarb masalaga aylanib kelayotgan ayrim muammolar – o‘zbek tiliga ko‘rsatilayotgan ba’zi e’tiborsizliklar tufayli kelib chiqmoqda. Bu yil tilimizga davlat tili maqomi berilganiga 35 yil to‘ladi.

Bu degani yurtimiz o‘zining davlat tili, ya’ni o‘zbek tiliga ega va barcha o‘zbeklar bu tildan to‘laqonli foydalana olishi mumkin. Biroq negadir biz hamon o‘z tilimiz bo‘la turib, boshqa tilni afzal bilmoqdamiz. Yoshlar orasida chet tillarini o‘rganish ommalashib ketdi. Shunga ko‘ra, tilimizga anchagina yangi so‘zlar ham boshqa tillardan o‘zlashib qoldi. Ammo bu so‘zlarni tilimizda muqobil tarjimasi bo‘la turib, ko‘pgina insonlar ulardan foydalanishni istamashmaydi, ba’zilari esa o‘zbek tilidagi tarjimasini mutlaqo bilmaydi. Shuningdek, yoshlar o‘rtasida tilni buzib gapirish, unga rus, ingliz va boshqa tillarga mansub so‘zlarni qo‘shmasdan suhbat qurish an’anaga aylana boshladi. Bizningcha, ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalarga diqqat qilsak, siz-u biz tushuna olmaydigan so‘zlardan foydalanilayotganiga guvoh bo‘lamiz. 

Ulardan ba’zilari ingliz tiliga: “Hater” (nafratlanuvchi, yomon ko‘ruvchi), “Negative/Positive” (salbiy/ijobiy), “OMG” (yo xudoyim), “See you” (ko‘rishguncha), ba’zilari rus tiliga: “Да” (ha), “Такой” (shunday), “Реально” (haqiqatan ham), “Подписчики” (obunachilar), ba’zilari esa, umuman tushunib bo‘lmaydigan “til”ga ya’ni qisqartmalarga mansub: “BN” (bilan), “KN” (keyin) va boshqalar. Ular nafaqat turli yozishmalarda ishlatilmoqda, balki og‘zaki nutqqa ham ko‘chib bormoqda va hatto bu borada qisqartmalarni ham aytish mumkin. Afsuski, muammoning yechimiga jiddiy qaralmayotgani atrofga birgina nazar tashlashdayoq ko‘rinadi. Hayotimizda eng ko‘p foydalanadigan ommaviy axborot vositalari – televideniye, radio, ijtimoiy tarmoqlarda, ko‘chalardagi turli e’lonlarda, ish hujjatlari, tibbiy varaqalar, ma’lumotnoma va boshqalarda nutqning me’yorlari unutib qo‘yilgani, tilimizga davlat tili sifatida qaralmayotganligini misol sifatida ayta olamiz. 

O‘zbekiston Respublikasi “Davlat tili to’g’risida”gi qonunning 7-moddasida: “Davlat tili rasmiy amal qiladigan doiralarda o‘zbek adabiy tilining amaldagi ilmiy qoidalari va normalariga rioya etiladi”, deya aytilgan muhim chaqiriqni unutib qo‘ygandekmiz, nazarimda. Televideniyega uzatilayotgan ko‘rsatuvlar, film va seriallar, reklamalar, intervyu va reportajlar adabiy tilga muhtoj. Xalq esa ularni tomosha qiladi va o‘z-o‘zidan adabiy til unutila boshlaydi. Ko‘chalarimizda duch kelishimiz mumkin bo‘lgan har qanday yozuvlar davlat tili qanday o‘rinlarda ekanidan dalolat berib turadi. Turli do‘kon, tashkilot nomlari, e’lonlar davlat tilidan boshqa tilda yozilgan, o‘zbek tilida yozilganlari ham imlo xatolariga to‘lib yotibdi. Shifoxonalarda esa tibbiy varaqa aynan qaysi tilda ekanini anglab bo‘lmaydi (tibbiy terminlar nazarda tutilmayapti). To‘ldiriladigan varaqa o‘zbek tilida ishlab chiqilgan, bemor ma’lumotlari rus tilida to‘ldiriladi yoki aksincha. Dori retseptlariga esa “1 mahal, ovqatdan so‘ng”, deb yozish o‘rniga “1 раз в день, после еды”ni yozib qo‘ya qolishadi. 

Shuningdek, nutq madaniyati deganda, faqatgina adabiy til normalariga rioya etgan holda so‘zlashni tushunish kerak emas. Nutqning to‘g‘riligi faqat uning grammatik meyorlari bilan o‘lchanmaydi. Jumladan, bu borada olim Skvorsov “Nutq madaniyati” tushunchasi bir tomondan nutqning adabiy til me’yorlariga mos kelish darajasini bildirsa, ikkinchi tomondan, tilshunoslik fanining madaniyat quroli bo‘lgan adabiy tilni mukammallashtirish maqsadida me’yorlashtirish muammolari bilan shug‘ullanuvchi sohadir”, degan edi.

Nutq gapirilayotgan vaqti, o‘rniga qarab badiiylikni, ilmiy va rasmiy xususiyatlarni o‘zida mujassam ettirishi lozim. Siyosiy yig‘ilishlarda, ish joylarida badiiy she’r yoki hikmatlardan so‘zlab ketish, hurmat bilan gapirilishi kerak bo‘lgan insonga mensimay muomala ko‘rsatish har kimni ham e’tiborini tortadi va buni yaxshi deb bo‘lmaydi. To‘g‘ri nutq uslubini tanlay olish va fikrni aniq, ravon ifoda etish esa hammaning ham qo‘lidan keladigan ish emas.

Inson qadri, unga bo‘lgan muomala qadim zamonlardan beri uning aytgan gaplari, so‘zi bilan o‘z qadrini topgan, go‘zal nutq sohiblari e’zozlanib, hatto ulardan dars olishgan. Bugun esa negadir bu vaziyatning aksini ko‘rmoqdamiz, balki bu o‘z tilimizni o‘rganishning asl mohiyatini tushunmaslikdandir. Ba’zi o‘quvchilar nafaqat ona tilimizni, balki boshqa “o‘ziga foydasiz” fanlarni keraksiz hisoblab, ularni o‘rganishdan bosh tortishmoqda. Ulardan “Ona tili nima uchun kerak?”, “Nega men o‘zim gaplasha oladigan tilni “qaytadan” o‘rganishim kerak?” degan savollarni ko‘p eshitmoqdamiz. Biroq shu kungacha, ushbu savollarga javob topishga kimdir urinib ko‘rdimikan?! 

Insonlar hayotlari mobaynida adabiy tilga ko‘p ham duch kelavermaganliklari uchun undan ko‘p ham foydalanishmaydi. Shu sabab ham adabiy tilni oddiy insonlar hayotiga, kundalik turmush tarzida eng ko‘p duch keladigan narsalariga olib kirish, qaysidir ma’noda, muammoga yechim sifatida ilk qadam bo‘lishi kerak. 

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, odamzod avvalo oiladan va ustozlaridan ko‘rgan tarbiya orqali o‘zini, madaniyatini va xulqini namoyon etadi. Har bir inson atrofidagilarni isloh qilishdan avval, o‘zini ham to‘g‘irlashi kerak. Birovlarni to‘g‘ri gaplashishga, nutq va muomala madaniyatiga o‘rgatgandan ko‘ra, bu jihatlarni o‘zi namunasida ko‘rsata bilish – muammoning ham samarali, ham osonroq yechimi bo‘ladi.

E’zoza Abdunabiyeva,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik” yo‘nalishi 3-bosqich talabasi

Izoh qoldirish