25

Toshkentda “Sharq Renessanslari fenomeni: saltanatlar, dinlar, shaxslar va tamaddunlar” madaniy meros haftaligi boshlandi

Joriy yilning 18-27-oktabr kunlari Toshkentda “Sharq Renessanslari fenomeni: saltanatlar, dinlar, shaxslar va tamaddunlar” nomli madaniy meros haftaligi oʻtkaziladi. 

Ushbu tadbir doirasida konferensiyalar, seminarlar, forumlar, koʻrgazmalar va taqdimotlar tashkil etiladi. Tadbirda 100 dan ortiq xorijiy olim va mutaxassislar, jumladan, xalqaro madaniy tashkilotlar rahbarlari, chet el muzey va kutubxonalari boshqaruvchilari ishtirok etishi kutilmoqda. 

Bugun haftalikning ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi vakillari ham ishtirok etdi.

Toshkentda Madaniy meros haftaligini oʻtkazishning asosiy maqsadi xalqaro muloqot va oʻzaro bilim almashishni mustahkamlash, chet ellik hamkorlar bilan yangi qoʻshma loyihalarni tasdiqlash boʻlib, bular mamlakat madaniy merosini saqlash, oʻrganish va ommalashtirish uchun yoʻnaltirilgan. Bu tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga muvofiq ravishda oʻtkazilmoqda.

18-28-oktabr kunlari haftalik doirasida Toshkent aholisi va poytaxt mehmonlari tashrif buyurishi mumkin boʻlgan koʻrgazmalar tashkil etiladi. Oʻzbekistonning boy tarixiy va madaniy merosiga bagʻishlangan noyob ekspozitsiyalar Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona va Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyining Toshkent filialida namoyish etiladi.

Ilmiy doira vakillari va rasmiylar ishtirokida mavzuga oid forumlar oʻtkaziladi. Madaniy meros haftaligining har bir kuni islomgacha boʻlgan davrdan boshlab Yangi Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans davrigacha boʻlgan davrlarga bagʻishlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi” mega loyihasi taqdimoti haftalikning muhim qismi boʻladi. Madaniy meros haftaligi ishtirokchilari qurilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi binosiga tashrif buyurish va u yerda xorijiy hamkorlar bilan birgalikda noyob ilmiy loyihalar taqdimoti oʻtkazish uchun noyob imkoniyatga ega boʻladilar. Shuningdek, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) aʼzolari ishtirokida tashkil etiladigan Markazning muzey zallarida mavzuli koʻrgazma va ekspozitsiyalar ochiladi.

Umuman olganda, Madaniy meros haftaligi Samarqandda oʻtkazilgan VIII Kongress doirasida boshlangan va tasdiqlangan bir qator yirik loyihalarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Endilikda, ushbu loyihalarni ishlab chiqish jarayoni boshlanmoqda.

Izoh qoldirish