398

Hamdardlik nomalari kelishda davom etmoqda

Muftiy Usmonxon Alimovning vafoti munosabati bilan dunyoning turli mamlakatlaridan nufuzli tashkilotlar va atoqli olimlar o‘zbek xalqiga o‘z hamdardliklarini izhor qilishmoqda.

Jumladan, al-Azhar nufuzli olimlar Kengashi a’zolari, Pokiston ulamolar Kengashi a’zolari, ICESCO tashkiloti mutasaddilari Bilol va Ismoil Yusuflar, Parij ilmiy tadqiqotlar milliy markazi (CNRS) tadqiqotchisi, Oliy tadqiqotlar amaliy maktabi doktori Karim Ifrak, IRCICA Nashrlar bo‘limi tadqiqotchisi Ashirbek Mo‘minov, O‘sh davlat universiteti Ilohiyot fakulteti dekani Zaylobiddin Ajimamatov, Turkiyadagi Ibn Xaldun universiteti professori Hamza Bakriy, Qozog‘istondagi “Fikr” diniy-amaliy tadqiqotlar markazi direktori Askar Sabdin o‘z ta’ziyalarini bildirdilar.

Shuningdek, Misr Arab Respublikasidan kelib O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida o‘qituvchilik va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida tadqiqotchilik faoliyatini ko‘rsatib kelayotgan Ahmad Sa’d Damanhuriy ham o‘z hamdardlik nomasini yo‘lladi.

Bismillahir rohmanir rohim.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Xalqaro ilmiy hay’ati raisi, muhtaram muftiy hazratlari Usmonxon Alimovning vafotidan chuqur qayg‘udamiz. Alloh taolo u zotni O‘z rahmatiga olib, Jannati naimlardan joy ato etsin. Bu ulug‘ inson bilan hayotlik chog‘larida uchrashish baxtiga muyassar bo‘lgan edim. Muftiy hazratlari o‘z yurtida diniy sohada amalga oshirilgan islohotlarda muhim o‘rin tutgan mujtahid siymolardan edilar. U zot ushbu sohada bor kuch-g‘ayratini ayamasdan mehnat qildilar. Har doim yaxshilik qiluvchilardan bo‘ldilar. U zotning o‘g‘illari Ahmadxon Alimov Qur’oni karim hofizi, O‘zbekiston ulamolari orasida alohida hurmatga ega bo‘lgan olim hamda ilmiy-tadqiqotchilardan biri hisoblanadi.

Men marhumning oila a’zolariga chuqur ta’ziya izhor etaman. Qodir Alloh taolodan u kishini O‘z rahmatiga olishini so‘rab qolaman.

Albatta, biz Allohnikimiz va Unga qaytguvchimiz!        

 

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, fazilatli shayx, muftiy Usmonxon Alimovning vafot etganlari haqidagi xabar meni chuqur qayg‘uga soldi.

Shu munosabat bilan u kishining oila a’zolariga, o‘zbek xalqiga hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga o‘zimning hamdardligimni izhor etaman.

Alloh taolo muftiy hazratlarini O‘z rahmatiga olsin!

Mustafo CHERICH,

Bosniya sobiq muftiysi, Butunjahon bosniyaliklar kongressi prezidenti doktor

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish