52

Iordaniyalik yirik hanafiy olim Shayx Saloh Abul Haj Akademiyaga tashrif buyurdi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi nufuzli xalqaro konferensiya doirasida mehmon bo‘lib kelgan Iordaniyadagi Butunjahon islom ilmlari universiteti professori Shayx Saloh Abul Haj tashrif buyurdi.

Tashrif avvalida “Manbalar xazinasi” boʻlimida saqlanayotgan nodir qoʻlyozma va toshbosma asarlar bilan tanishar ekan, mamlakatimizda boʻlib oʻtgan xalqaro konferensiya, yurtimizda kechayotgan maʼrifiy islohotlar jarayoniga oid oʻzining iliq fikrlarini bildirdi.

Shundan soʻng oʻtkazilgan uchrashuvda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektorlari Zohidjon Islomov, Zokirjon Roʻziyev, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov, professor-oʻqituvchilar, doktorant va talabalar ishtirok etdi. 

Taniqli alloma 2002-yili Bagʻdod universitetining shariat fakultetida hanafiy fiqhi boʻyicha oliy baho bilan doktorlik darajasini olgan.

2006-yili Iordaniyadagi Balqo amaliy universitetining usulud din fakultetida yordamchi ustoz vazifasini egallagan.

Butunjahon islom ilmlari universitetida chop etilgan bir qancha magistrlik va doktorlik ilmiy ishlarida rahbar sifatida hamkorlik qilgan. Iroq, Hind, Shom va boshqa yurtlarning yirik ulamolaridan Qurʼon, hadis, fiqh va boshqa shariat ilmlari boʻyicha ijozalar olgan.

Hanafiy mazhabiga muvofiq arab tilida fatvo chiqaradigan “Anvorul ulamo” deb nomlangan birinchi boʻlib tashkil etilgan fatvo markazi muassisi va muftiysi.

Bir qancha kitoblar, ilmiy izlanishlar va ilmiy maqolalarga mualliflik qilgan va ularni tahqiq etgan.

Shayx Saloh Abul Haj, avvalo, taklif uchun minnatdorlik bildirib, jamiyatda davlat va din munosabatlari, mazhabsizlikka qarshi kurashish, zamonaviy masalalar kabi savollarga javob berib oʻtdi. 

U oʻz nutqi davomida jamiyat uchun nafaqat diniy fanlar balki dunyoviy fanlarni ham chuqur oʻrganish gʻoyat muhim ekanini taʼkidladi. 

Dinning asl maʼnolarini bilgan odam buzgʻunchi ishlarga qoʻl urmasligini bildirdi. Jamiyatda diniy olim bilan birga, qobiliyatli doktorlar, muhandislar, arxitektorlar va boshqa zamonaviy kasb egalari ham zarur ekanini qoʻshimcha qildi.

Samimiy muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalari muhokama etildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish