Bruney Sultonligining Sulton Sharif Ali nomidagi islom universiteti professori Akademiyada
“Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi nufuzli xalqaro konferensiya doirasida yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-ma’rifiy maskanlarga xorijlik ulamolarning tashrifi davom etmoqda.
Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Bruney Sultonligining Sulton Sharif Ali nomidagi islom universiteti professori Kamoliddin Marjuniy mehmon bo‘ldi.
Hurmatli mehmonni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Yoshlar bilan ishlash, ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov hamda Akademiya vakillari kutib oldi.
Dastlab mehmonga O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ilmiy salohiyati, fakultetlar va ulardagi ta’lim yo‘nalishlari, talabalarga bilim berishda o‘ziga xos yondashuvlar haqida ma’lumot berildi.
O‘z navbatida Kamoliddin Marjuniy samimiy qabul uchun Akademiya rahbariyatiga minnatdorlik bildirib, “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi nufuzli anjuman yuqori darajada o‘tayotganini e’tirof etdi.
Yurtimiz tarixan islom sivilizatsiyasining markazi boʻlib kelgani, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro konferensiya turli tahdidlar kuchayib borayotgan bugungi sharoitda dolzarb ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
– Din haqidagi noxolis va xato tushunchalarni, ayniqsa, ekstremistik va radikal gʻoyalarni bartaraf etish, ularning yoshlar ongiga salbiy taʼsirining oldini olishda olimlar, targʻibotchilar va soha mutaxassislarining oʻrni katta, – dedi Kamoliddin Marjuniy. – Ular islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berishlari, yot gʻoyalarga ilmiy asoslangan raddiya tayyorlashlari, sogʻlom va moʻtadil qarashlarni keng yoyishlari zarur. Zero, bugungi globallashgan jamiyatda yoshlarga katta eʼtibor qaratish lozim. Ularning bilimi va dunyoqarashini doimiy oshirib borish, tanqidiy fikrlash koʻnikmasini yuksaltirishni zarur deb hisoblayman. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasini ana shunday mutaxassislarni yetishtirib beradigan muassasa deb bilaman.
Samimiy muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalari muhokama etildi.
Tashrif yakunida hurmatli mehmon “Manbalar xazinasi” bo‘limida ham bo‘lib, u yerda saqlanayotgan islom diniga oid nodir qo‘lyozma va toshbosma asarlar, “Usmon Mus’hafi” hamda “Langar Qur’oni”ning nusxalari bilan tanishdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish