Akademiyada Turkiyaning “Dorul Maxtutot” markazi bosh direktorining o‘zbek tilidagi kitobi taqdimoti o‘tkazildi
Avval xabar berganimizdek, bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Turkiyaning Istanbul shahridagi qoʻlyozmalarni oʻrganishga ixtisoslashgan “Dorul Maxtutot” markazi bosh direktori Mahmud Misriy hamda Akademiya vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda olimning Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashr etilgan “Qoʻlyozmalarni tadqiq qilishning nazariy asoslari” nomli kitobining o‘zbek tilidagi taqdimoti o‘tkazildi.
Taqdimot davomida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda “Dorul Maxtutot” markazi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, “Dorul Maxtutot” markazida tashkil etilgan seminar-treninglarda qo‘lyozmalarni o‘rganish, tadqiq etish, yosh olimlarga onlayn va oflayn shaklda ma’ruzalar o‘tkazish kabi masalalar muhokama etildi.
15-16-oktabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” nomli xalqaro konferensiya doirasida o‘tkazilgan muloqotda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, prorektorlar – Ilyos Mirziyotov, Zohidjon Islomov, Zokirjon Ro‘ziyev, professor-o‘qituvchilar, doktorant va talabalar ishtirok etdi.
Mahmud Misriy 1984-yilda Halab universitetining Tibbiyot fakultetini, 2000-yilda esa Shariʼat fakultetini tamomlagan. 2002-yilda Ilmlar tarixi boʻyicha doktorlik darajasini olgan.
2002-2012-yillarda Halabdagi Vaqf kutubxonasi rahbari, Halab universiteti Shariʼat fakutetida oʻqituvchi boʻlib ishlagan.
Hozirda Sulton Muhammad Fotih universiteti Oʻquv kengashi aʼzosi, Istanbuldagi “Dorul Maxtutot” markazi bosh direktori hisoblanadi.
Samimiy va do‘stona kechgan uchrashuvda Akademiya rektori Uyg‘un G‘afurov islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishda turli xalqaro ilmiy O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va boshqa diniy ta’lim muassasalari orasida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Oʻz navbatida Mahmud Misriy samimiy qabul uchun Akademiya rahbariyatiga minnatdorlik bildirib, O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi. O‘zbekiston tinchlik-xotirjamlik hukm suradigan diyor ekanini e’tirof etdi.
Uchrashuvda Mahmud Misriy “Dorul Maxtutot” markazi haqida ma’lumot berdi. Qqoʻlyozmalarning ahamiyati, olimlarning hozirgacha yetib kelgan ilmiy-merosini anglash ularni kitob shakliga keltirish borasida oʻzining tajribalari bilan oʻrtoqlashdi.
Shuningdek, 15-16-oktabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik” dini mavzusidagi tashkil etilayotgan xalqaro konferensiya yuzasidan islom dinida qadriyatlarini asrab-avaylashda hanafiy-moturidiy taʼlimotlarining oʻrni, hozirgi globallashuv jarayonida islom moʻtadillik va bagʻrikenglik dini ekaniga oʻzining iliq fikrlarini bildirib oʻtdi.
Jumladan, Mahmud Misriy Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining buyuk alloma va mutafakkirlarimizning dunyo, xususan, musulmon ilm-fani va sivilizatsiyasi ravnaqiga qoʻshgan munosib hissasi, muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyati boʻyicha fundamental tadqiqotlar oʻtkazishga oid dasturlar, ilmiy loyihalarni ishlab chiqish, ularni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarn oʻtkazishni qoʻllab-quvvatlab bildirgan tashabbuslarini eshitgach, yurtimizda olib borilayotgan keng koʻlamli ishlarni yuqori baholadi.
O‘z navbatida Akademiya rektori turli talo-to‘plar, milliy, diniy, irqiy nizolar avj olayotgan bir davrda islom dini qadriyatlari, uning tinchlikparvarlik mohiyatini keng targʻib qilish, yosh avlodni diniy bagʻrikenglik, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda islom diniga yot boʻlgan radikal qarashlarga qarshi murosasizlik tuygʻusini shakllantirish va bunda Oʻzbekiston tajribasini xalqaro jamoatchilik eʼtiboriga yetkazishda mazkur konferensiya muhim o‘rin tutishini e’tirof etdi.
Uchrashuvda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.
Tashrif yakunida hurmatli mehmon “Manbalar xazinasi” bo‘limida ham bo‘lib, u yerda saqlanayotgan islom diniga oid nodir qo‘lyozma va toshbosma asarlar, “Usmon Mus’hafi” hamda “Langar Qur’oni”ning nusxalari bilan tanishdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish