Jamiyat barqarorligini taʼminlashda dunyoviylik va diniylikning uygʻunligi
Bugun mamlakatimizda demokratik tamoyillar, inson huquq va erkinliklari borasida umume’tirof etilgan prinsip va normalarga asoslangan, inson qadri ulug‘lanadigan fuqarolik jamiyatini qurish, vijdon erkinligi, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik tamoyillariga amal qilish kabi xayrli tashabbuslar yurtimiz siyosatining ustuvor maqsadi hisoblanadi.
Taassufki, globallashuv davrida turli mutaassib kuchlar tomonidan diniylik va dunyoviylik tamoyillari buzib talqin qilinib, mamlakat taraqqiyoti, tinchligida raxna soluvchi noxolis daʼvolar tobora koʻpayib bormoqda.
Ana shunday kuchlarga qarshi mustahkam immunitet hosil qilish, turli radikal guruhlarning g‘arazli maqsadlariga qarshi ma’rifat bilan kurashish esa har birimizdan ogohlik va teran tafakkur talab qiladi.
Xabaringiz bor, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida har haftaning shanba kuni professor-o‘qituvchilar hamda xodimlarning dunyoqarashini yanada kengaytirish, yurtimizdagi ijtimoiy-siyosiy islohotlar va yangiliklarga daxldorlik hissini kuchaytirish maqsadida siyosiy bilimlarni oshirish darslari o‘tkaziladi. An’anaviy tarzda tashkil etiladigan mazkur darslarning navbatdagisi shu mavzuga bag‘ishlandi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi Dinshunoslik ekspertizasi boshqarmasi boshligʻi, siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD) Behzod Soipov “Jamiyat barqarorligini taʼminlashda dunyoviylik va diniylikning uygʻunligi” mavzusidagi ma’ruzasi bilan qatnashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Yoshlar masalalari, ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar ishtirok etdilar.
Muloqotni Akademiya rektori Uyg‘un G‘afurov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Bu kabi tadbirlar mamlakatimizdagi ijtimoiy-siyosiy islohotlar va yangiliklarga fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Tadbir davomida ma’ruzachi Behzod Soipov jamiyat barqarorligini taʼminlashda dunyoviylik va diniylikning uygʻunligi kabi masalalarga to‘xtaldi. Bugungi kunda turli mutaassib kuchlar tomonidan diniylik va dunyoviylik nisbati buzib talqin qilinib, davlatga oid dunyoviy ishlardan dinni ajratish dahriy davlat va axloqsiz jamiyat qurishga olib kelishi haqidagi noxolis da’volar ko‘payib borayotganini qayd etdi.
Yurtimizda millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik tamoyillariga amal qilinishi, e’tiqodlar erkinligi ta’minlangani, bu esa xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof qilinayotganini ta’kidladi.
Mutaxassis o‘z so‘zida davom etarkan, dinni niqob qilib olgan tashqi kuchlar ta’sirida to‘g‘ri yo‘ldan adashayotgan yurtdoshlarimiz borligi, ularni bu kabi illatlardan qaytarishga qaratilgan amaliy tashabbuslar haqida fikr bildirdi.
Davra suhbati yakuni qizg‘in savol-javoblarga boy bo‘ldi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish