57

Shayx Ali Muhyiddin Qoradogʻiy

Butunjahon musulmon ulamolari uyushmasi raisi, Doxa dinlararo muloqot markazi raisi, Qatar universiteti Shariat va islomshunoslik fakulteti professori Shayx Ali Qoradogʻiy 1949-yil Iroq Kurdistonining Sulaymoniya viloyatiga qarashli Qoradogʻ mintaqasida dunyoga kelgan.

Dastlabki taʼlimni oʻz yurtidan olgan. Qurʼoni karimni toʻliq yodlagach, Sulaymoniya shahriga amakisi Shayx Najmuddin Qoradogʻiy, Shayx Mustafo Qoradogʻiy va boshqa bir guruh olimlardan ilm oʻrganish uchun borgan. Soʻngra Bagʻdodda Shayx Abdulkarim Muhammad al-Modarris va Shayx Abdulqodir Xatib kabi olimlar qoʻlida tahsil olgan. Qoradogʻ mintaqasidan Ali Muhyiddindan tashqari Shayx Abdul Latif al-Kabir, Shayx Muhammad Najib Qoradogʻiy, Shayx Umar Qoradogʻiy, Shayx Mustafo Qoradogʻiy, Shayx Bobo Rasul, Shayx Nuriddin, Shayx Najmiddin, Shayx Zohid Xolid Naqshbandiy singari juda koʻp ulamolar yetishib chiqqan.

Shayx Ali Qoradogʻiy 1970-yilda Bagʻdoddagi Islom institutining bakalavr bosqichini imtiyozli tamomladi. Shundan soʻng Imomi Aʼzam kulliyasida oʻqishini davom ettiradi va u yerni ham muvaffaqiyatli bitirib chiqadi. Keyin esa “Al-Azhar” universiteti Shariat va qonun fakultetida ilm olishni davom ettiradi hamda 1980-yilda Qiyosiy fiqh boʻyicha magistaturani, 1985-yilda esa doktorantura bosqichini imtiyozli tamomlaydi.

“Islom shariati hamda fuqarolik qonunchiligida rozilik asoslari” doktorlik ishida sakkizta fiqhiy mazhab, shuningdek rim, ingliz, fransuz, misr va iroq qonunchiliklari tadqiq etilgan. “Al-Azhar” universiteti olimning mazkur ishini yuqori baholab, uni dunyoning bir necha tillarida chop etishni tavsiya qilgan.

1985-yilda doktor Ali Qoradogʻiy Qatar universiteti Shariat fakulteti oʻqituvchilari safiga qoʻshildi.

1990-yilda ushbu dargohda yordamchi oʻqituvchi, 1995-yilda esa professor unvonini oldi.

Olimning moliya, iqtisod, islom fiqhi kabi yoʻnalishlarda 30 dan ortiq kitoblari, 100 dan ortiq tadqiqotlari mavjud. “Islom banklarining fiqhi”, “Islom sugʻurtasi (takoful)”, “Moliyaviy huquqlar hamda ularning amaliy tadbiqlari”, “Jahon moliyaviy inqirozi: sabablari, oqibatlari – Islom iqtisodiyoti nuqtai nazaridan yechimlari”, “Biz va boshqalar: Qurʼon, sunnat va muvozanat qonunlari nuqtai nazaridan, tinchlik, urush, ozchilik va koʻpchilik holatidagi musulmonning boshqalar bilan boʻlgan munosabati bayoniga asoslangan tadqiqotlar”, “Zakotga doir zamonaviy fiqhiy masalalar”, “Zamonaviy tibbiy masalalar fiqhi”, “Islom iqtisodiyoti”, “Zamonaviy fiqhiy munosabatlar”, Imom Gʻazzoliyning “Vasit” va “Ey farzand” asarlari tadqiqi va sharhi shular jumlasidan.

Manba: Oʻzbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish