12

Erkin Xushvaqtov: “Kitob – hayotni yaratuvchi murabbiy”

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Adabiy gurunglar” loyihasi doirasida taniqli dramaturg, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Erkin Xushvaqtov bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi.

Davra suhbatini Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Rahmatilla Gʻoyibnazarov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Uchrashuvda Erkin Xushvaqtov ijodi, uni o‘zbek dramaturgiyasida tutgan o‘rni haqida so‘z yuritildi.

O‘z navbatida Erkin Xushvaqtov keyingi yillarda mamlakatimizda ijodkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, teatr va kino sohasidagi ijobiy o‘zgarishlar haqida fikr bildirdi. Kitob o‘qish inson uchun eng kerakli bilim manbai ekani, u hayotni yaratuvchi murabbiy ekanini qayd etdi.

Dramaturg Erkin Xushvaqtov 1959-yil 15-martda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani Chambil qishlogʻida tugʻilgan. 1976-yili oʻrta maktabni bitirgach, Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat Madaniyat institutining “Havaskorlik teatri jamoasi rejissyorligi” boʻlimiga oʻqishga kirgan va 1983-yili tamomlagan.

Ijodkor Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romani asosidagi inssenirovkasi (1994-yil), “Chimildiq” (1996-yil), “Mashrab” (1997-yil), “Qirmizi olma” (2003-yil), “Andishalik kelinchak” (2005-yil), “Rashk” (2008-yil), “Sizsiz oʻtmas kunlarim”, “Koʻngil”,  Abror Hidoyatov drama teatrida “Eski muhabbat” (2004-yil), Yosh tomoshabinlar teatrida “Choʻp qoʻgʻirchoq” (2004-yil), Respublika qoʻgʻirchoq teatrida “Choʻp qoʻgʻirchoq” (2008-yil) va boshqa koʻplab pyesalari sahnalashtirilgan. 

Erkin Xushvaqtov 1987-yildan buyon Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida ishlab kelmoqda. Oʻzbek teatri, kino va televideniye sanʼatlari rivojidagi xizmatlari uchun 2002-yili “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi.

Tadbir davomida Akademiya talabalar teatr studiyasi tomonidan sahnalashtirilgan “Qirmizi olma” spektaklidan parcha namoyish etildi.

Yakunda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish