11

“Ipak yoʻli: turizm prizmasi orqali hamkorlik” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘z ishini boshladi

Ayni daqiqalarda Toshkentdagi Wyndham mehmonxonasida “Ipak yoʻli: turizm prizmasi orqali hamkorlik” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tmoqda. 

Mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti va boshqa hamkor tashkilotlar tomonidan tashkil etildi.

Anjumandan ko‘zlangan maqsadi Ipak yo‘li yo‘nalishidagi davlatlar o‘rtasida fikr almashish va tajriba orttirish, umumiy makonda turizmni rivojlantirish uchun yagona strategiyani shakllantirish va o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini mustahkamlashdan iborat. Konferensiya zamonaviy dunyoda duch kelayotgan dolzarb muammolarni muhokama qilish maydoni bo‘lib xizmat qiladi.

Unda Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori To‘lqin Teshaboyev, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti birinchi prorektori Dilmurod Nasimov, Altay davlat universitetining xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Roman Raykin so‘zga chiqib, konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladilar.

Anjumanda Rossiya, AQSH, Turkiya, Xitoy, Hindiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iz Respublikasi mamlakatlaridan olim va tadqiqotchilar, taniqli davlat va jamoat arboblari, soha mutaxassislari hamda oliy ta’lim muassalari vakillari ishtirok etmoqda. 

Konferensiyada “Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida Buyuk ipak yo‘li” platformasi taqdimoti”, “Ipak yo‘li: sivilizatsiyalar muloqoti”, “Shaharlar integratsiyasi – Ipak yo‘li shaharlarida turizmni rivojlantirishining yangi modeli”, “Ipak yo‘lida barqaror turizmni huquqiy tartibga solish: xalqaro va milliy tajriba”, “O‘zbekistonda Ipak yo‘li orqali turizm iqtisodiyotini rivojlantirishning yangi imkoniyatlari”, “Yashil texnologiyalarning ekologik xavfsizligi standartlarini baholash: mamlakatlar misolida”, “Katta Oltoy” oltoyshunoslik va turkshunoslik ilmiy-ta’lim markazi faoliyatining asosiy ilmiy natijalari”, “O‘zbekistonda turizm barqarorligi va iqlim o‘zgarishi asosiy xavf sifatida”, “Ipak yo‘lining zamonaviy dunyo mamlakatlari hududida jadidlarining ma’rifiy g‘oyalar” kabi mavzulardagi ma’ruzalari tinglandi. 

Tadbir davomida hamkor tashkilotlar o‘rtasida Memorandum imzolash marosimi o‘tkazildi. 

Konferensiya ishi turli sho‘balarga bo‘lingan holda ikki kun davom etadi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish