Islom – tinchlik va ezgulik dini
Avval maʼlum qilganimizdek, shu yilning 15-16-oktabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida nufuzli xalqaro konferensiya oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 19-sentabrda boʻlib oʻtgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida: “Diyorimiz jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan, islomni ilm-maʼrifat va tinchlik dini sifatida namoyon etgan Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy singari ulugʻ alloma va mutafakkirlar vatani ekani bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Shunday buyuk olimlarning boy merosini oʻrganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024-yil Oʻzbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazish tashabbusini ilgari suramiz”, deya taʼkidlagan edi.
Davlatimiz rahbarining ezgu tashabbusi xalqaro hamjamiyat tomonidan qizgʻin qoʻllab-quvvatlandi. Bu ezgu taklif natijasi oʻlaroq, 2024-yilning 15-16-oktabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida nufuzli xalqaro konferensiya oʻtkazilmoqda.
Anjuman ishida Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Iordaniya, Oʻmon, Rossiya, AQSH, Fransiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Hindiston va Pokiston kabi dunyoning 22 mamlakatidan 70 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, din arboblari, muftiylar va taniqli ulamolar ishtirok etishi kutilyapti.
Konferensiyadan koʻzlangan asosiy maqsad – shiddatli globallashuv sharoitida islom dini qadriyatlari, uning tinchlikparvarlik mohiyatini keng targʻib qilish, yoshlarni diniy bagʻrikenglik va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda islom diniga yot radikal qarashlarga qarshi murosasizlik tuygʻusini shakllantirish va bunda Oʻzbekiston tajribasini, diniylik va dunyoviylik muvozanatini saqlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarini xalqaro jamoatchilikka yetkazishdan iboratdir.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbuslari bilan mamlakatimizda soʻnggi yetti yilda diniy-maʼrifiy sohada ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi, Imom Termiziy nomidagi islom instituti tashkil qilindi.
Bu muassasalarning barchasi nafaqat diniy, balki dunyoviy ilmlarda ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritgan buyuk allomalarimizning merosini asrab-avaylash, bugungi kun voqeligi nuqtayi nazaridan chuqur tadqiq etish, yoyish va targʻib qilish, nafaqat musulmon olami, balki butun jahon jamoatchiligiga tanitishga xizmat qilyapti. Shuningdek, bu markazlar Oʻzbekistonning “Jaholatga qarshi maʼrifat” shioriga muvofiq ravishda islom dinining tinchlikparvarlik, bagʻrikenglik va maʼrifatparvarlik gʻoyalarini tarqatishga, shu tariqa mamlakat, mintaqa va dunyo miqyosida radikalizm va ekstremizmga qarshi kurashni kuchaytirish, bu illatlarni tag-tomiri bilan yoʻq qilishga oʻz hissasini qoʻshmoqda.
Tashkiliy qoʻmita maʼlumotiga koʻra, konferensiya 15-oktabr kuni Toshkent shahridagi “Hilton” majmuasining anjumanlar zalida oʻz ishini boshlaydi. Anjuman doirasida quyidagi mavzularda shoʻba yigʻishlari oʻtkaziladi:
– Islom qadriyatlarini asrab-avaylashda hanafiy-moturidiy taʼlimotining oʻrni;
– Globallashuv sharoitida islom: moʻtadillik va bagʻrikenglik;
– Zamonaviy jamiyatda gʻoyaviy tahdidlarning oldini olish omillari va amaliy yechimlar.
Konferensiya 16-oktabr kuni Xiva shahrida davom etadi. Unda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro konferensiyasining yakuniy deklaratsiyasi qabul qilinadi.
Anjuman dunyo xalqlarining birdamligi va mushtarak taraqqiyotini taʼminlashda islom taʼlimotining, buyuk ajdodlar merosining oʻrni va ahamiyatini koʻrsatib berish bilan birga, muqaddas dinimiz shaʼniga dogʻ tushirayotgan, uni niqob qilib, manfur maqsadlarini amalga oshirishga intilayotgan buzgʻunchi toifalarga qarshi kurashda islom ulamolarining yakdil fikrini qoʻllab-quvvatlashi bilan ham gʻoyat muhim hisoblanadi.
Izoh qoldirish