11

Ilm ummoni sharafiga sazovorlar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 19-sentabrdagi majlisi ijrosini ta’minlash maqsadida oliy ta’lim muassasalarida “Keksalarga hurmat – yoshlarga ibrat” g‘oyasi asosida “Keksalar haftaligi”ni o‘tkazish belgilangan.

Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida uzoq yillardan buyon samarali ilmiy faoliyat olib borayotgan, taniqli manbashunos olim, sharq mumtoz adabiyoti va tilshunoslik sohalariga oid qator asarlar muallifi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Zohidjon Islomovning hayot yo‘liga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti tomonidan “Ilm ummoni sharafiga sazovorlar” mavzusida o‘tkazilgan uchrashuvda Akademiya prorektorlari Ilyos Mirziyotov, Zohidjon Islomov, fakultet dekani Sayyora Chiniyeva hamda talabalar ishtirok etdi.

“Uch avlod uchrashuvi” mezoni asosida o‘tgan davra suhbatida fidoyi ustoz Zohidjon Islomov yoshlik, talabalik paytlari, ilmiy faoliyatining boshlanishi, ustozlari, shogirdlari haqida so‘zlab berdi. Bugungi kunda yoshlarga bilim olish uchun barcha sharoitlar yaratilganini, talabalar o‘tayotgan har bir daqiqaning qadriga yetib, o‘z ustida ishlashi, izlanishi zarurligini ta’kidladi. Yoshlar – ertamiz egalari ekanini qayd etdi. 

Tadbir davomida talabalar atoqli olim Zohidjon Islomovga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish