1

Psixologiya va din: zamonaviy qarashlar va muammolar

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Qozog‘iston Respublikasi L.N.Gumilyev nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti hamkorligida onlayn vebinar o‘tkazildi.

“Psixologiya va din: zamonaviy qarashlar va muammolar” mavzusida o‘tkazilgan mazkur seminar “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi tomonidan tashkil etildi.

Unda Nur-Muborak Misr islom madaniyati universiteti, Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi xalqaro qozoq-turk universiteti vakillari, Akademiya professor-o‘qituvchilari, doktorant va magistrlar ishtirok etdi.

Shuningdek, Xadichai Kubro xotin-qizlar oʻrta maxsus islom bilim yurti tadqiqotchilari ham qamrab olindi. Ular islom psixologiyasi, tasavvuf psixologiyasiga oid maʼlumotlarga ega b‘lish bilan birga mazkur mavzu doirasida tadqiqotlarni amalga oshirish masalalari ham koʻrildi. 

Seminarda falsafa fanlari doktori, professor Yuliya Shapoval, psixologiya fanlari nomzodi, dotsent Almat Nuratdinov, psixologiya fanlari doktori, dotsent Xo‘jageldi Alimov “Tasavvuf psixologiyasining hozirgi holati va muammolari”, psixologiya fanlari doktori, dotsent Kamil Nasibullaev “O‘rta asr diniy risolasini zamonaviy psixologiya nuqtayi nazaridan qanday o‘qish kerak (Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” asari misolida)” kabi mavzularda ma’ruza qildi. 

Tadbirda din psixologiyasi bo‘yicha bugungi kunning dolzarb masalalari haqida so‘z yuritildi. 

Jumladan, Yuliya Shapoval psixologik tadqiqotlarda bir qancha metodologik tamoyillarning (tarmoqlararolik, ilmiylik, tizimlilik va h.k. tamoyillar) inobatga olinishi zarurligi to‘g‘risida fikrlar bildirdi. 

Muammolardan biri psixologlarda diniy bilimlar va kompetentlikning yetishmasligi, dinshunoslarda esa psixologik bilimlarning yetishmasligi qator muammolarni keltirib chiqarayotganini ta’kidladi. Ma’ruzachi din psixologiyasidagi muammolarni hal etishda xalqaro tajribalardan foydalanish lozimligi, din psixologiyasini tushunishda turli xil modellarning mavjudligi, din psixologlar mutaxassislarining kompetensiyalarini ishlab chiqish muhimligi to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi. 

L.N.Gumilyev nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti “Psixologiya” kafedrasi dotsenti, psixologiya fanlari nomzodi A.S.Nuratdinov din psixologiyasining Qozog‘istondagi rivojlanishining o‘ziga xosligi, bu yo‘nalishdagi mavjud muammolar, din psixologiyasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashda talab etiladigan kompetensiyalar to‘g‘risida ma’ruza qildi. Shuningdek psixodiagnostika tadbirlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi lozimligini ta’kidladi.

Tadbirning yakunida savol-javoblar bilan fikr almashildi. Shuningdek, magistrantlar tomonidan savollar berildi hamda batafsil javoblar olindi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish