2

Talabalar ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasi faoliyati bilan tanishdi

Xabaringiz bor, 2002-yil 7-iyunda Sankt-Peterburgda ShHTga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashi yigʻilishida Mintaqaviy aksilterror tuzilmasini tuzish toʻgʻrisidagi bitim imzolangan edi. Ushbu tuzilma shtab-kvartirasi Toshkentda joylashgan ShHTning doimiy faoliyat yurituvchi organi sifatida faoliyat koʻrsatib, terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashda aʼzo mamlakatlar vakolatli organlarini muvofiqlashtirib va oʻzaro hamkorligini taʼminlab kelmoqda. 

Kuni kecha Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kursantlari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari uchun MATTning Ijroiya qoʻmitasi vakillari bilan tanishuv uchrashuvi tashkil etildi. Bundan koʻzlangan maqsad yoshlarni MATTning vazifalari, funksiyalari, hozirgi va kelajakdagi faoliyati bilan tanishtirish edi. 

Tadbir davomida MATTning Ijroiya qoʻmitasi direktori Ruslan Mirzayev tashkilotning shakllanish bosqichlari, uning huquqiy asoslari hamda asosiy tamoyillari va faoliyat yoʻnalishlari haqida maʼlumot berib oʻtdi. 

Markaz direktori Qobuljon Sobirov, oʻz navbatida, Toshkent oliy oʻquv yurtlari talabalarining ShHT MATT vakillari bilan uchrashuvidan koʻzlangan asosiy maqsad ekstremistik va terrorchilik gʻoyalari, tajovuzkor oqimlar tarqalishining oldini olishda xalq diplomatiyasi vositalaridan faolroq foydalanish gʻoyalarini ilgari surish, yoshlarda vatanparvarlik va oʻz yurtiga sadoqat tuygʻularini rivojlantirish, shuningdek, turli millat va konfessiyalar oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik, bagʻrikenglik va oʻzaro hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilganini taʼkidlab oʻtdi. 

Tadbir davomida ishtirokchilar jamiyatda ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bilan bogʻliq yangi chaqiriqlar va tahdidlarni muhokama qilishdi. MATTning rahbariyati vakillari mintaqadagi vaziyat, jumladan, Afgʻoniston bilan bogʻliq masalalar, kibertahdidlarga qarshi kurashish, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi va terrorizmga qarshi kurashish, shuningdek, ShHT davlatlarining xalqaro huquq sohasidagi hamkorligiga oid savollarga atroflicha javob berdi.

Izoh qoldirish