3

Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasi: oʻtmish va hozirgi zamon

Markaziy Osiyo mintaqasi jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri boʻlgan. Oradan ming yillar oʻtganiga qaramay, oʻrta asrlarda yashab ijod qilgan, jahon sivilizatsiyasi rivojiga bebaho hissa qoʻshgan alloma va mutafakkirlarning dahosi, ilm-fanning turli yoʻnalishlaridagi izlanishlari va qomusiy bilimlari hamon eʼtirof etilmoqda.

Ilm-fanning turli sohalarida kashfiyotlar qilgan ajdodlarimiz islom ilmlarida ham peshqadam boʻlgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abul Muʼin Nasafiy, Abdulxoliq Gʻijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Qaffol Shoshiy, Burhoniddin Margʻinoniy, Xoja Ahror kabi allomalar islom sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qoʻshgan. Ularning hayot yoʻllari va ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish, tadqiq etish bugungi kunda dolzarb mavzuga aylangan.

Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasining oʻrnini oʻrganish va targʻib qilish maqsadida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish xalqaro markazi – IRCICA bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasi: oʻtmish va hozirgi zamon” mavzusida V xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi. 

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi tomonidan onlayn va oflayn formatda o‘tkazilgan xalqaro konferensiyani Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uygʻun Gʻafurov tabrik so‘zi bilan ochib berdi. Shuningdek, IRCICA – Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish xalqaro markazi Bosh direktorining o‘rinbosari, professor Abubakr Abdulloh markaz rahbari Mahmud Erol Qilichning tabrigini o‘qib eshittirdi.

Xalqaro anjumanda Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish xalqaro markazi IRCICA ilmiy xodimlari Ashirbek Muminov, Betul Ayaz, Najot Soyim Xalil, Veysel Bulut, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Muzaffar Joniyev, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov, Qirg‘iziston-Turkiya Manas universiteti Ilohiyot fakulteti kichik ilmiy xodimi Ulanbek Kalmurza Uulu, Islom tarixi san’ati va madaniyati tadqiqot markazi ilohiyot fanlari doktori Ahmad Muxtor Adam, Gassim Ibrohim  (Turkiya), Istanbul universiteti Turkshunoslik institute o‘qituvchisi Ayna Askaro‘g‘li Arslon, O‘sh davlat universiteti Teologiya fakulteti xodimi, siyosiy fanlar nomzodi, teologiya fanlari doktori (PhD) Samagan Mirzaibrohimov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, olim va tadqiqotchilar maʼruza qildilar. 

Shuningdek, xalqaro konferensiyada Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Yaman, Nigeriya va kamerunlik taniqli olimlar ham maʼruza qilishdi. 

Anjumanda “Markaziy Osiyo mintaqasida islom ilmlari: shakllanishi va rivojlanishi”, “Markaziy Osiyo mutafakkirlari ilmiy-maʼnaviy merosi”, “Markaziy Osiyo tarixiy yodgorliklari epigrafikasi, sanʼati va arxitekturasi” hamda “Markaziy Osiyo xalqlarining milliy va diniy urf-odat, anʼanalaridagi umumiylik va oʻziga xoslik” kabi yo‘nalishlar doirasida maʼruzalar muhokama qilindi.

Konferensiyada “Muqaddamat-ul-adab” qadimiy qo‘lyozmalarning tavsifi”, “Imom Buxoriy ilmiy-ma’naviy merosida milliy qadriyatlar”, “O‘zbekistonda vaqf mulkchiligi tarixi va uning ijtimoiy-madaniy hayotdagi o‘rni”, “Xorazmda hanafiy mazhabining shakllanishi va rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatgan omillar”, “Katip Chalabiyning “Fezleketü Akvalul-Ahyar fi ilmit-Tarih val-Ahyar” nomli asarni nashrga tayyorlash”, “O‘rta Osiyo etnik tuzilishiga misol: mesxeti turklari”, “Ilmiy tadqiqotlar va kutubxonalarda ma'lumotlarni boshqarishning ahamiyati” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Markaziy Osiyo xalqlari tarixi, madaniyati, yozma yodgorliklari va ilmiy merosiga oid mavzular ham muhokama qilindi. Umuman olganda, anjuman mavzulari xilma-xil va dolzarb bo‘lib, mahalliy va xorijlik taniqli olimlar, tarixchilar, islomshunoslar, etnograflar va manbashunoslarning ma’ruzalari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Anjuman ishi davomida yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, mamlakatning islom sivilizatsiyasini rivojlantirish borasidagi rolini yanada oshirish hamda buyuk allomalar jahon tamadduniga qo‘shgan hissasini milliy va xalqaro miqyosda ommalashtirish jarayoni qizg‘in davom etayotgani ta’kidlandi.

Qizg‘in munozara, savol-javoblar ostida o‘tgan anjuman yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Hamkor tashkilotlar bilan ilmiy-amaliy aloqalarni yanada davom ettirish borasida fikrlar almashildi. Konferensiyaga taqdim etilgan ma’ruzalar alohida to‘plam holida chop etilishi, unda yoshlarning ilmiy maqolalari ham o‘rin olishi ta’kidlandi.

Xalqaro anjumanda xorijiy va mahalliy olimlar, doktorantlar, yosh tadqiqotchilar ishtirok etib, oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish