18

Ichki ishlar xodimlari uchun malaka oshirish o‘quvlari yakunlandi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun “Yot g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlashning ma’naviy-ma’rifiy asoslari” yo‘nalishida malaka oshirish o‘quvlari tashkil etildi. 

Joriy yilning 19-30-sentabr kunlari bo‘lib o‘tgan 72 soatlik o‘quvlarda jami 20 nafar tinglovchi ishtirok etdi.

Mazkur malaka oshirish o‘quvlarida “Oʻzbekistonda davlat va din munosabatlarining huquqiy asoslari”, “Mutaassib guruhlar ta’siriga tushgan shaxslarni reabilitatsiya qilish usullari (O‘zbekiston tajribasi)”, “Zamonaviy islom manbalarida radikalizm va ekstremizmning qoralanishi”, “Kibermakonda din omili va axborot iste’mol madaniyati”, “Islom dini manbalarida insonparvarlik va vatanparvarlik g‘oyalarning ulug‘lanishi”, “Sof islomiy tushunchalarning g‘arazli maqsadlarda talqin etilishi (Takfir, jihod, hijrat, shahidlik masalalari)” kabi modullar bo‘yicha dars mashg‘ulotlari olib borildi. 

Dars mashg‘ulotlaridan so‘ng tinglovchilar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hududida joylashgan “Yunusxon”, “Shayx Hovandi Tohur”, “Qaldirg‘ochbiy” maqbaralariga ziyorat uyushtirildi. Ekskursiya davomida tinglovchilarga madaniy obidalarning tarixi va qayta tiklanish jarayoni haqida ma’lumotlar berildi.

O‘quvlar yakunida tinglovchilarga malaka oshirish kursida ishtirok etganliklari haqidagi sertifikatlar, tarqatma materiallar hamda esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Izoh qoldirish