Sizga ta’zim – aziz ustozim
XXI asr – yuksak salohiyatli, zamonaviy bilim va malakaga ega, yangicha dunyoqarash va mustaqil fikrli mutaxassislar asri. Ularni tarbiyalashda ustoz-muallimlarning xizmati beqiyos. Zero, hozir jahonda mamlakatning taraqqiyot darajasi pedagoglarning jamiyatda tutgan o‘rniga qarab belgilanmoqda.
Shu bois, keyingi yillarda davlatimiz tomonidan, eng avvalo, uzluksiz ta’lim tizimi islohotlari asosida yoshlar ta’lim-tarbiyasi, yetuk mutaxassis kadrlar tayyorlashga mas’ul pedagog xodimlar faoliyatiga katta e’tibor qaratilmoqda. Ta’lim-tarbiya tizimidagi islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan o‘qituvchi va murabbiylarga bog‘liq. Shu sababli mamlakatimizda o‘qituvchilar mehnatini qadrlashga, ularga har jihatdan g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga harakat qilinmoqda.
Jumladan, yurtimizda har yili 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni keng miqyosda nishonlanadi. Ayni paytda yurtimiz bo‘ylab bayram tantanalari davom etmoqda. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham sana munosabati bilan “Sizga ta’zim – aziz ustozim!” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri tashkil etildi.
Unda Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining o‘rinbosari Matluba Qahhorova, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva, Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda talabalar ishtirok etdi.
Tantanali marosimni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov Akademiya rektori Uyg‘un G‘afurovning tabrigini o‘qib eshittirdi.
Akademiya rektori tabrigida bugun yurtimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Uchinchi Renessans poydevorini yaratish maqsad qililgani, bu yo‘lda ustoz-murabbiylarning alohida o‘rni borligi ta’kidlandi. Ayniqsa, islom dinining asl mohiyati, butun dunyo sivilizatsiyasi rivojiga tamal toshini qo‘ygan ajdodlarimizning bebaho ma’naviy merosini yoshlarga har tomonlama chuqur va mufassal o‘rgatishda ustoz va murabbiylarning hissasi salmoqli ekani qayd etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar ilm har qanday zamonda va makonda ham najot yo‘li, zulmatni yorituvchi nur, insonni kamolotga yetaklovchi buyuk ne’mat sanalishini ta’kidlashdi. Zero, buyuk alloma Imom Buxoriy hazratlari bundan o‘n ikki asr oldin “Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay”, deb bejizga yozib qoldirmagan.
Tantanali marosimda ko‘p yillik samarali mehnati, kasbiga fidoyiligi va intellektual qobiliyati bilan yuksak hurmat va ehtiromga sazovor bo‘lgan bir guruh pedagog xodimlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Rasmiy tadbirlardan so‘ng Akademiya talabalari tomonidan she’r-qo‘shiqlar, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Xalqimiz qalbidan joy olgan san’atkorlarning qo‘shiqlariga bayram tadbiriga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Akademiyada tashkil etilgan tadbir yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish