72

Akademiya rahbariyati hamda professor-o‘qituvchilar, xodimlar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Akademiya rahbariyati va professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Mazkur tadbir Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda xodimlarining dunyoqarashini yanada kengaytirish, yurtimizdagi ijtimoiy-siyosiy islohotlar va yangiliklarga daxldorlik hissini kuchaytirish, mamlakatimizda bo‘layotgan keng ko‘lamli bunyodkorliklar bilan tanishtirish maqsadida siyosiy bilimlarni oshirish darslari doirasida tashkil etildi.

Muloqot avvalida Akademiya rektori Uyg‘un G‘afurov barchani yaqinlashib kelayotgan 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan tabrikladi. Ertamiz egalari bo‘lgan yosh avlodni har tomonlama bilimli, teran tafakkurli qilib tarbiyalashda ustoz-murabbiylarning xizmati nihoyatda yuqori ekanini alohida e’tirof etdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Yoshlar masalalari, ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar ishtirok etdilar.

Muloqotda Akademiya rektori davlatimiz rahbarining barcha sohalar qatori ilm-fan rivojiga qaratayotgan e’tibori natijasida so‘nggi yillarda salmoqli natijalarga erishilganini qayd etdi. 

Xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida muqaddas islom dinini ilmiy nuqtayi nazardan fundamental tadqiq etish, ulug‘ allomalarimiz ma’naviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shadigan yuksak salohiyatli, raqobatbardosh mutaxassis kadrlarni tayyorlashda tizimli ishlar amalga oshirilayotgani e’tirof etildi.

Darhaqiqat, Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda xodimlarning mehnatlari e’tirof etilib, oliy taʼlim muassasalarining 2023-yildagi faoliyat natijalari boʻyicha milliy reytingda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi. 

Ijtimoiy-gumanitar soha boʻyicha oliy taʼlim muassasalari reytingida esa, 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. 

Akademiya oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarining ilmiy salohiyati boʻyicha reytingda ham 1-oʻrinni egalladi. Albatta, bu natijalar to‘xtab qolmaslikka, yanada baland marralarni egallash uchun poydevor bo‘lib xizmat qilishi zarur. 

Muloqot davomida soha prorektorlari so‘zga chiqib, boshlangan yangi o‘quv yilida ahamiyat qaratilishi kerak bo‘lgan jihatlar, Akademiya o‘qituvchilari hamda xodimlarning kiyinish, muomala madaniyati talabalar uchun namuna bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi. Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish borasidagi taklif va mulohazalar tinglandi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish