27

Akademiya rektori “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

27-sentabr – Butunjahon turizm kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi tomonidan bir guruh faollarni “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida o‘tkazilgan marosimda yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari rektor-prorektorlari, davlat tashkilotlari xodimlari, ijtimoiy soha va ommaviy axborot vositalari vakillari hamda chet eldagi vatandoshlar xizmatlari xodimlarinining bir guruhiga “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishoni tantanali tarzda topshirildi.

Quvonarlisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov ham “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Mukofotni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamda Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev tantanali tarzda topshirdi.

Eslatib o‘tamiz, koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari miqdorida biryoʻla toʻlanadigan pul mukofoti oladi. Bir shaxs koʻkrak nishoni bilan bir marta taqdirlanadi.

Ma'lumot o‘rnida aytish joizki, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan turizm sohasini rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida 21-fevral – Xalqaro gidlar kuniga bag‘ishlangan “VII O‘zbekiston gidlar forumi-2024” o‘tkazildi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi va Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti hamkorligida tashkil etildi.

Aprel oyida esa Akademiyada M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali hamda Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi xalqaro Qozoq-Turk xalqaro universiteti professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirokida “Bahorgi psixologik maktab” tashkil etildi.

Ilmiy anjumanlar bilan bir qatorda mehmonlar uchun Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi hududida joylashgan ziyoratgohlar – Shayxontohur, Toʻlabiy va Yunusxon yodgorligi, “Qo‘lyozmalar fondi” hamda Akademiya axborot resurs-markaziga ekskursiya uyushtirildi.

Shuningdek, joriy yilning 21-25-avgust kunlari O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti (MDIS) hamda Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda “Xalqaro yoshlar turizm festivali” bo‘lib o‘tdi.

Festival yurtimizda chiqish va kirish turizmini rivojlantirish, barqaror turizm muammolari va imkoniyatlarini muhokama qilishga tajribali mutaxassislar va ekspertlarni jalb qilish maqsadida o‘tkazildi.

O‘tgan o‘quv yili davomida Xitoyning Janubiy-Markaziy Minzu universiteti bilan ZOOM platformasida bir necha bor binar darslar tashkil etildi.

Bundan tashqari, respublikada ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha xorijiy davlatlarda Akademiyaning kafedrasini tashkil etish yuzasidan berilgan topshiriq doirasida Turkiya, Indoneziya, Malayziya, Singapur, Saudiya arabistoni hamda Birlashgan Arab Amirliklari oliy taʼlim muassasalari va mazkur davlatlardagi Oʻzbekiston elchixonasi masʼullari bilan hamkorlikda faoliyat olib borildi.

Shu fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rahbariyati va jamoasi Akademiya rektori Uyg‘un G‘afurovning mazkur ko‘krak nishoni bilan chin dildan tabriklaydi. Ularning kelgusidagi ishlariga muvaffaqiyat tilaydi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish