Yana bir ilmiy himoya muvaffaqiyatli o‘tkazildi
Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi dotsenti Ne’matullo Nasrullayevning “Ubaydulloh ibn Mas’ud Buhoriy yozma merosining islom fiqhida tutgan o‘rni” mavzusidagi 21.00.01 – Islom tarixi va manbashunosligi ixtisosligidan tarix fanlari bo‘yicha fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiyasi himoyasi bo‘lib o‘tdi.
Akademiya huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi kengashda majlis a’zolari, soha mutaxassislari ishtirok etdilar.
Yig‘ilish davomida kengash kotibi tadqiqotchi hamda uning ilmiy ishi haqida yig‘ilganlarga qisqacha ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng Ne’matullo Nasrullayev so‘zga chiqib, tadqiqotning maqsad va vazifalari haqida to‘xtalib o‘tdi.
Tadqiqotchi ilmiy ishning maqsadi Ubaydulloh ibn Mas’ud yozma merosining hanafiy fiqhi rivojiga qo‘shgan hissasini ochib berishdan iboratligini ta’kidladi.
Mazkur tadqiqot O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus diniy bilim yurtlarida o‘qitiladigan “Islom manbashunosligi”, “Zamonaviy fiqhiy masalalar”, “Movarounnahrda islom madaniyati tarixi”, “Islom tarixi fiqhi”, shuningdek, fiqh ilmi bo‘yicha darslik, uslubiy dasturlar tuzib, o‘quv muassasalarida foydalanish hamda Movarounnahrdan yetishib chiqqan olimlarning hayot yo‘li, ilmiy-ma’naviy meroslari bilan xalqni tanishtirish va bu orqali milliy ma’naviyatni yanada yuksaltirish yo‘lidagi muhim ishlardan biri ekani bilan yanada ahamiyatlidir.
Dissertatsiyaning birinchi bobi “Ubaydulloh ibn Mas’ud Sadrush-sharia ilmiy merosining manbashunoslik va tarixshunoslik tadqiqi” deb nomlangan. Unda turli sohalarda mustaqil asar yozgan olim Ubaydulloh ibn Mas’ud, Buxoro fiqh maktabiga mansub faqihlardan biri sifatida mazkur maktabning yetakchilaridan bo‘lgan Abu Zayd Ubaydulloh ibn Umar Dabusiy (vaf. 430/1038), Shamsul aimma Saraxsiy (vaf. 1090), Fahrul islom Bazdaviy (vaf. 482/1089) kabi mashhur allomalar haqida ma’lumot beriladi.
“XIII-XIV asr boshida Movarounnahrda ijtimoiy va ilmiy muhit” nomli ikkinchi bobning “XIII-XIV asrlarda Movarounnahrdagi siyosiy-ijtimoiy vaziyat” deb atalgan birinchi bo‘limda Sadrush-sharia yashagan davr va uning ilmiy faoliyatiga oid ma’lumotlar yoritib beriladi.
“Ubaydulloh ibn Mas’udning “Tanqihul-usul” asari tahlili” deb nomlangan uchinchi bobning “Tanqihul-usul” va uning manbalari” nomli birinchi paragrafida Sadrush-sharianing “Tanqihul-usul” asari haqida so‘z boradi.
To‘rtinchi bob “Ubaydulloh ibn Mas’udning “Muxtasarul-Viqoya” asari va uning fiqh ilmi rivojiga qo‘shgan hissasi” deb nomlansa, beshinchi bob “Muxtasarul-Viqoya” sharhlarning ilmiy ahamiyati” mavzusiga bag‘ishlangan.
Dissertatsiya natijasiga ko‘ra, Kengash a’zolari tomonidan Ne’matullo Nasrullayev tarix fanlari bo’yicha fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun munosib ekani bir ovozdan ma’qullandi.
O‘zbekiston xalqafo islom akademiyasi rahbariyati va jamoasi ilmiy ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilgan Ne’matullo Nasrullayevni samimiy muborakbod etib, ularning kelgusidagi ilmiy faoliyatiga ulkan zafarlar tilaydi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish