3

Akademiyada “Xon atlas” festivali o‘tkazildi

Azaliy qadriyatlarimizni o‘zida ifoda etgan atlas-u adraslarda xalqimizning uzoq hamda shonli o‘tmishi, qadimiy an’analari, estetik dunyoqarashi va o‘ziga xos xususiyatlari mujassamdir.        

Bugungi kunda mana shu uzoq tarixni bosib oʻtgan, ajdodlarimiz mafkurasi va dunyoqarashi haqida soʻzlaydigan milliy liboslarimizni saqlab qolish va targʻib etish milliyligimizni saqlab qolish demakdir.

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida “Xon atlas” festivali o‘tkazildi.

“Xon atlasli libosimiz – ko‘rkimiz” nomli festivalda milliy liboslar, hunarmandchilik buyumlari namoyishi hamda rassomlik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirda Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti vakillari, Benkov nomidagi Respublika rassomlik kolleji talabalari, Akademiyaning ayol professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talabalari atlas-u adrasdan tikilgan milliy liboslarimizda ishtirok etdilar. 

Ma’lumki, atlas to‘qish Marg‘ilonda juda qadimdan rivojlangan va boshqa joylarga tarqalgan. 2017-yilda esa o‘zbek ipak matolarining to‘qish texnologiyasi UNESCOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Bugungi kunda yo‘qolib borayotgan an’analarni asrab-avaylash, jumladan, tarixiy matolarni qayta tiklash tobora muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur tadbir esa bu boradagi muhim qadam bo‘ldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, atlasning tabiiy ipakdan to‘qilgan eng a’lo navi sakkiz tepkili xonatlas deb ataladi. Xonatlasning barcha siri uning tuzilishi va to‘qilish usulidadir.

Tabiiy ipakdan tayyorlangan, bugungi til bilan aytganda ekologik jihatdan xavfsiz, kiyganda tana yayraydigan atlasning “Namozshomgul”, “Chaqirim”, “Qora atlas”, “Bargi karam”, “Shaxmat”, “Qora ko‘zim” va boshqa ko‘plab turlari bor.

Tadbir davomida “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti sovrindori S.Muhammadiyeva, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti talabasi E.Toshtemirov tomonidan qo‘shiqlar yangradi. 

Dutorchi qizlar, xalq laparlari, milliy liboslar namoyishi, Akademiya talabalari ijrosida “Kelin salom” kabi chiqishlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. 

Tadbir davomida “Kitob yarmarkasi”, hunarmandchilik buyumlari, rassomlik ko‘rgazmasi o‘tkazildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish