5

Barcha sa’y-harakatlarning pirovard maqsadi – yoshlar ta’lim-tarbiyasidir

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida talabalarning ota-onalari hamda Akademiya rahbariyati o‘rtasida “Ota-onalar kongressi” nomi ostida ochiq muloqotlar, uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

“Najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda” shiori ostidagi “Mustaqillik darslari” doirasida tashkil etilayotgan bu kabi muloqotlardan ko‘zlangan maqsad esa oila va ta’lim muassasasi o‘rtasida uzviy hamkorlik o‘rnatish, yoshlarning muammolarini aniqlab, ularni hal qilish uchun birgalikda harakat qilishdan iborat.

Shu kunga qadar “Ota-onalar kongressi” Mumtoz sharq filologiyasi, Islomshunoslik fakultetlari uchun o‘tkazilgan bo‘lsa, bugungi tadbir Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti talabalarining ota-onalari uchun tashkil etildi. 

Unda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev, Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti dekani Habibullo Sadibaqosev, professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda ota-onalar ishtirok etdi.

Tadbirni Akademiya rektori Uyg‘un G‘afurov ochib berdi. Akademiya rektori keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy sohaga berilayotgan e’tibor, ulug‘ ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etishga bo‘lgan sa’y-harakatlarga alohida e’tibor qaratdi. 

Uchrashuvda soha prorektorlari so‘zga chiqib, yoshlar ta’lim va tarbiyasi bugungi globallashuv davrida har qachongidan-da muhim ekanini, turli tashqi kuchlarning yoshlar ongi va tafakkuriga bo‘ladigan salbiy ta’sirlarining oldini olish, “jaholatga qarshi ma’rifat” tamoyili ostida ertamiz egalarini komil inson qilib tarbiyalash zarurligi, talabalarning tarbiyasi, xulqi-odobi boshqalarga o‘rnak bo‘lishi kerakligini ta’kidladilar.

Muloqotda mas’ullar tomonidan to‘lov-kontrakt, kredit-modul tizimi, talabalar turar joyi masalasi, bu yilgi o‘quv yilidagi yangiliklar, Akademiyada olib borilayotgan ta’lim tizimi va o‘quv jarayonlari, ichki tartib-qoidalar va talaba-yoshlar sifatli bilim olishi uchun yaratilgan sharoitlar haqida atroflicha so‘z yuritdilar. 

Tadbir davomida ota-onalar ham so‘z olib, o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. 

Samimiy muloqot shaklida olib borilgan uchrashuvda atroflicha fikr almashildi va ota-onalarning taklif-mulohazalari tinglandi. 

Muxtasar aytganda, bu kabi tadbirlar davlatimiz rahbari boshlab bergan Uchinchi Renessans davrining tayanchi bo‘ladigan yoshlar manfaatini ko‘zlaydi. Zero, barcha sa’y-harakatlarning pirovard maqsadi – yoshlar ta’lim-tarbiyasidir.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish