O‘zXIA – Al-Azhar: o‘quv va ilmiy sohadagi hamkorlikning yangi imkoniyatlari
Bugun Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasiga Misrning Al-Azhar majmuasi verifikatsiya markazi direktori, professor Ibrohim al-Hudhud boshchiligidagi delegatsiya hamda Misrning Oʻzbekistondagi elchisi Amira Fahmi tashrif buyurdi.
Tashrif davomida xorijiy mehmonlar, Akademiya rahbariyati va doktorantlari o‘rtasida samimiy muloqot o‘tkazildi.
Xorijiy delegatsiyani O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, rektor maslahatchisi Oʻtkir Hasanboyev, Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Bahodir Xoʻjayev, “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Akbar Kazakbayev hamda Akademiya vakillari kutib oldi.
Uchrashuv avvalida Akademiya rektori Uyg‘un G‘afurov mehmonlarni Akademiyaga tashrifi bilan qutlab, muassasaning tashkil etilishi tarixi, ilmiy faoliyati, taʼlim yoʻnalishlari, maqsad va vazifalari hamda Akademiya huzurida faoliyat yuritayotgan markazlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.
Muassasa davlat taʼlim muassasasi sifatida taʼsis etilgani, unda uzluksiz taʼlim yoʻlga qoʻyilgani, diniy va dunyoviy fanlar asosida taʼlim berilishini qayd etdi.
Oʻz navbatida, Misr delegatsiyasi rahbari Ibrohim al-Hudhud samimiy qabul uchun Akademiya rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi. U oʻz soʻzida buyuk allomalar, mutafakkirlar, shuningdek, islom olamiga Buxoriy, Termiziy, Nasafiy, Margʻinoniy, Moturidiy kabi minglab buyuk shaxslarni yetkazib bergan diyorda boʻlib turganidan mamnunligini alohida taʼkidladi. Shuningdek, Misr Bosh imomi, al-Azhar majmuasi shayx Ahmad at-Toyyibga delegatsiyaning Akademiya toʻgʻrisidagi ijobiy fikrlarni hamda Respublika OTMlari reytingida 2-oʻrinni qayd etganini yetkazishini maʼlum qildi.
Soʻngra delegatsiya aʼzolarini tanishtirib, al-Azhar universiteti fakultetlari va yoʻnalishlari toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Xususan, universitetda 100 dan ortiq fakultetlarda mahalliy talabalar bilan birga 160 dan ziyod xorijiy davlatlar fuqarolari tahsil olishini qoʻshimcha qildi. Hamkorlik masalasiga toʻxtalib, ikki muassasaning kafedralari va boʻlimlari oʻrtasida islom tarixi, sivilizatsiyasi, shuningdek, ijtimoiy fanlar sohalarida hamkorlik boʻyicha memorandum imzolab, oʻzaro aloqalarni yoʻlga qoʻyish mumkinligini aytdi. Bundan tashqari, universitet tarkibida Xalqaro islom aholishunoslik va tadqiqot markazi mavjudligi va u aholining barcha yosh qatlamlari muammolarini tadqiq etish bilan shugʻullanishini bildirdi.
Muloqotda islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi boshqa diniy-ta’lim muassasalari orasida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Markaziy Osiyoda muqaddas din tadrijiyligi, buyuk mutafakkirlar hamda davlat arboblarining islom taraqqiyotida tutgan ulkan o‘rni xususida atroflicha fikr yuritdi.
Shundan so‘ng muloqot Akademiya doktorantlari ishtirokidagi davra suhbati bilan davom etdi.
Unda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan o‘zgarishlar, islohotlar jarayoni haqida so‘z yuritildi. So‘nggi yillarda islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, eng muhimi, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish uchun Prezidentimiz tomonidan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, islom olami rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalarimiz nomi bilan ataladigan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va boshqa ta’lim muassasalarining tashkil etilishi bu boradagi muhim qadamlardan biri ekani alohida qayd etildi.
Davra suhbatida ulug‘ allomalarning boy maʼnaviy-madaniy merosini o‘rganish, ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari bo‘yicha suhbatlashildi. Shu oʻrinda, hamkorlik imkoniyatlari keng ekanligiga urgʻu berib, Akademiya murojaatiga koʻra al-Azhar grantini qoʻlga kiritish, ilmiy ishlarga har ikki tomondan rahbarlar tayinlash amaliyotini yoʻlga qoʻyish, Al-Azhar universiteti bitiruvchilari kengashi yordamida noarablarga arab tilini oʻqitish hamda qoʻshma konferensiyalar oʻtkazish borasida fikr yuritildi.
Tashrif yakunida Al-Azhar majmuasi verifikatsiya markazi direktori, professor Ibrohim al-Hudhud janoblari ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik va iltifotdan xursand ekanini e’tirof etdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish