27

Oila va ta’lim muassasasi hamkorligi yoshlar kamolotiga xizmat qiladi

Farzandga yaxshi tarbiya berish ota-onaning asosiy vazifalaridan biridir. Zero, farzand kamoloti uchun sarflangan har bir daqiqa ertangi farovon hayot uchun tamal toshi bo‘ladi. Shunday ekan, yoshlarning taqdiri uchun e’tiborli bo‘lib, ularning xulqi, tarbiyasi va ilm olishiga befarq bo‘lmaslik lozim. 

Chunki bugungi tezkor davrda ertamiz egalari bo‘lgan yoshlarning turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishi juda oson. Dunyoqarashi keng, turli yot g‘oyalarga qarshi tura oladigan, yurtimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan yoshlarni kamol toptirish dolzarb vazifa. Bu borada ota-ona va ta’lim muassasasi o‘rtasida uzviy hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi zarur.

Jadid adabiyotining namoyandasi Abdurauf Fitrat jamiyat rivoji va yurt ravnaqi farovonligida oilaning o‘rni xususida fikr yuritib, “Oila” asarida shunday mulohazalar bildiradi: “Har bir millatning saodati va izzati, albatta, shu xalqning ichki intizomi va totuvligiga bog‘liq. Tinchlik va totuvlik ana shu millat oilalarining intizomiga tayanadi. Qayerda oila munosabati kuchli intizomga tayansa, mamlakat va millat ham shuncha kuchli va muazzam bo‘ladi”.

Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda” shiori ostida “Mustaqillik darslari” doirasida Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti talabalarining ota-onalari hamda Akademiya rahbariyati o‘rtasida “Ota-onalar” kongressi bo‘lib o‘tdi. 

Muloqotda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev, Moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektor Salim Dusanov, Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti dekani Sayyora Chiniyeva, professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda ota-onalar ishtirok etdi.

Ota-onalar kongressini O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov ochib berdi. Akademiya rektori o‘z so‘zida so‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada tizimli islohotlar, ulug‘ ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etishga bo‘lgan sa’y-harakatlarga alohida e’tibor qaratdi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi nafaqat yurtimiz, balki mintaqamizdagi eng nufuzli va sharafli o‘quv muassasasi hisoblanadi. Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan tashkil etilgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida jamiyat rivojiga hissasini qo‘shadigan, o‘z sohasining malakali mutaxassislarini kamolga yetkazish ustuvor vazifa sanaladi.

Muloqot davomida soha prorektorlari so‘zga chiqib, bugungi kunda Akademiyada olib borilayotgan ta’lim tizimi va o‘quv jarayonlari, ichki tartib-qoidalar va talaba-yoshlar sifatli bilim olishi uchun yaratilgan sharoitlar haqida atroflicha so‘z yuritildi. 

Suhbat davomida mas’ullar tomonidan talabalarga yaxshi ta’lim berish bilan cheklanib qolinmay, ularning tarbiyasi, xulqi-odobi boshqalarga o‘rnak bo‘lishi kerakligi, bu borada Akademiya va ota-ona hamkorligi yo‘lga qo‘yilishi kerakligi alohida ta’kidlandi. 

O‘z navbatida ota-onalar ham so‘z olib, farzandlariga sifatli ta’lim va tarbiya berib kelayotgan Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda mutasaddilarga minnatdorlik bildirishdi. 

Samimiy muloqot shaklida olib borilgan uchrashuvda atroflicha fikr almashildi va ota-onalarning taklif-mulohazalari tinglandi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 

Izoh qoldirish