9

Akademiya Kengashining navbatdagi majlisida muhim masalalar muhokama qilindi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Akademiya kengashining 1-sonli majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Akademiya rahbariyati, Kengash a’zolari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari ishtirok etishdi.

Kengash majlisini O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, Kengash raisi Uyg‘un G‘afurov olib bordi.

Ma’lumki, muntazam tarzda o‘tkaziladigan Akademiya Kengashi yig‘ilishida muassasa oldida turgan muhim va dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinib, yechimini kutayotgan holatlar bartaraf etiladi hamda kelgusi vazifalar belgilab olinadi.

Kengash avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining oʻttiz uch yilligi munosabati bilan fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, adabiyot, madaniyat, sanʼat sohalari va ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o'rganish ICESCO” kafedrasi katta o‘qituvchisi A’zamxon Qambarov;

30-iyul – Xalqlar doʻstligi kuni munosabati bilan “Xalqlar doʻstligi” koʻkrak nishoni taqdirlangan “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy oʻrganish UNESCO” kafedrasi katta oʻqituvchisi Dilafruz Turdiyeva;  

“Din pxisologiya va pedagogika” kafedrasi professori Bahromjon Farfiyevga sotsiologiya fanlari doktori ilmiy unvoni hamda medallari tantanali tarzda topshirildi.

Akademiya rektori, Kengash raisi Uyg‘un G‘afurov majlisni ochib berarkan, o‘tgan o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish muhim ekanini qayd etdi.

Shundan so‘ng dastlab Akademiya rektori, Kengash raisi Uyg‘un G‘afurov tomonidan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Kengashining 2024-2025 o‘quv yilidagi yangilangan tarkibini tasdiqlash to‘g‘risida so‘z yuritildi. Unga ko‘ra, kengash kotibi lavozimiga Jaloliddin Bo‘riyev tayinlandi.

Shuningdek, Akademiya rektori, Kengash raisi Uyg‘un G‘afurov O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida 2024-2025 o‘quv yilini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va Akademiya oldida turgan dolzarb vazifalar to‘g‘risida so‘z yuritdi.

2024-2025 o‘quv yilida kadrlar tayyorlash va ularga zamon talabi darajasidagi shart-sharoitlarni yaratish, ta’lim-tarbiya va ilmiy-tadqiqot, xalqaro faoliyat sifatini oshirishga mo‘ljallangan o‘quv yili ish rejalari loyihasi muhokamasi bo‘yicha soha prorektorlari, fakultet dekanlari, bo‘lim boshliqlari tomonidan ma’lumot berildi.

Yig‘ilishda 2024-2025 o‘quv yili uchun fan dasturlari, o‘quv rejalari va meyoriy hujjatlarni zamon talablari hamda akademik ta’limga mos ravishda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari uchun malaka talablariga muvofiq holda ishlab chiqilganlik holati to‘g‘risida O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyevning hisoboti tinglandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Odob-axloq kodeksining yangi tahriri to‘g‘risida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov ma’lumot berdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida talabalar va magistrlarning bilimini baholash bo‘yicha oraliq va yakuniy nazorat turlarini o‘tkazish tartibiga qisman o‘zgartish kiritish hamda Akademiya pedagog xodimlari faoliyatini 110 ballik tizim asosida o‘rganish tartibini tasdiqlash xususida Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Ilhom Berdiyarovning hisoboti tinglandi.

Kengashda sohadagi shu kabi yutuqlar e’tirof etilgan holda, diniy-ma’rifiy sohada bajarilishi zarur bo‘lgan galdagi vazifalar va mavjud muammolar ham tahlil qilindi. 

Yig‘ilish yakunida muhim vazifalar belgilab olindi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish