74

Uchinchi Renessans davri ilm-fan ravnaqi asosida yaratiladi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyevning “Globallashuv davrida radikalizm va ekstremizmga qarshi kurashda islom tashkilotlarining oʻrni” mavzusidagi 24.00.01 – Islom tarixi va manbashunosligi ixtisosligi boʻyicha tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiyasi himoyasi bo‘lib o‘tdi.

Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi kengashda majlis a’zolari, soha mutaxassislari ishtirok etdilar.

Yig‘ilish davomida kengash kotibi tadqiqotchi hamda uning ilmiy ishi haqida yig‘ilganlarga qisqacha ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng O‘tkir Hasanboyev so‘zga chiqib, tadqiqotning maqsad va vazifalari haqida to‘xtalib o‘tdi.

Ilmiy ishning maqsadi global jamiyatda islom tashkilotlarining radikalizm va ekstremizm g‘oyalariga qarshi kurashdagi o‘rni va mintaqaviy xususiyatlarini ochib berishdan iboratligini ta’kidladi.

Dissertatsiyaning “Radikalizm va ekstremizmga qarshi kurashning ilmiy-nazariy asoslari” nomli birinchi bobining birinchi paragrafi “Radikalizm” va “ekstremizm” tushunchalarini talqin etishga doir yondashuvlar” deb ataladi. Unda “radikalizm”, “diniy radikalizm”, “ekstremizm”, “diniy ekstremizm” va ularga turdosh tushunchalarga ta’rif berishda xorijiy va mahalliy mutaxassislarning yondashuvlari hamda ularni ilmiy muomalaga kiritish masalalari tahlil etilgan.

Dissertatsiyaning “XX asr oxiri – XXI asr boshida radikalizm va ekstremizmga qarshi kurashda xorijiy islom tashkilotlarining tajribasi” nomli ikkinchi bobi Yevropa, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Markaziy Osiyo mintaqalaridagi mamlakatlarda rasman faoliyat yuritayotgan islom tashkilotlarining radikalizm va ekstremizm tahdidlariga qarshi kurashdagi ishtiroki, amaldagi mexanizmi, faoliyati tarixi, me’yoriy-huquqiy hujjatlarini tahlil etishga bag‘ishlangan.

“Istiqlol yillari O‘zbekistonda din niqobidagi ekstremizmga qarshi kurashda O‘zbekiston musulmonlar idorasining o‘rni” deb nomlangan uchinchi bobda O‘zbekistonda radikalizm va ekstremizmga qarshi kurash tajribasida O‘zbekiston musulmonlari idorasining amaliy faoliyati va natijalari tadqiq etilgan. Shuningdek, “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi asosida respublikada din niqobidagi ekstremistik mafkura profilaktikasi doirasidagi amaliy ishlarni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan.

Qizg‘in bahs-munozaralar ostida o‘tgan dissertatsiyalar himoyasida so‘zga chiqqan ekspertlar tadqiqotchilarning ilmiy ishlarini chuqur ilmiy darajada o‘rganganini qayd etishdi. Aniq faktlarga tayanilgan ma’lumotlar mavzular ko‘lamini yanada ochib berilgani ta’kidlandi.

Dissertatsiya natijasiga ko‘ra, Kengash a’zolari tomonidan O‘tkir Hasanboyev falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun munosib ekani bir ovozdan ma’qullandi.

O‘zbekiston xalqafo islom akademiyasi rahbariyati va jamoasi ilmiy ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilgan O‘tkir Melibayevichni samimiy muborakbod etib, ularning kelgusidagi ilmiy faoliyatiga ulkan zafarlar tilaydi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish