71

Tadqiqotchilarning ilmiy ishlari muvaffaqiyatli himoya qilindi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Akademiya tadqiqotchilari o‘zlarining dissertatsiyalarini himoya qildilar.

Kengash yig‘ilishida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Moturidiylik taʼlimoti tadqiqotlari boʻlimi ilmiy xodimi Ixtiyor Abdurahmonov 24.00.02 – Qurʼonshunoslik. Hadisshunoslik ixtisosligi islomshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan “Sharh at-Taʼvilot” asarining tafsir ilmidagi ahamiyati” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi hamda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori oʻrinbosari Firdavs Xalimovning “XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Turkiston oʻlkasida vaqf mulklarini boshqarish shakli va uslublari” mavzusidagi 24.00.01 – Islom tarixi va manbashunosligi ixtisosligidan islomshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoyasi boʻlib oʻtdi.

Ixtiyor Abdurahmonov dissertatsiyasining “XI-XII asrlarda Movarounnahr tafsir ilmini o‘rganishdagi uslublar” deb nomlangan birinchi bobida ta’vil turkumidagi tafsirlar va ularni tadqiq etishdagi yondashuvlar, XI-XII asrlar Movarounnahr hanafiy-moturidiy tafsir maktabi rivoji, o‘sha davrdagi siyosiy muhitining alloma ilmiy faoliyatiga ta’siri o‘rganilgan, mufassir hayoti va asarlariga oid tadqiqotlar tahlil qilingan hamda olim tafsirining uslubiy xususiyatlari ochib berilgan.

Dissertatsiyaning “Sharh at-Ta’vilot” asarining manbashunoslik tahlili va unda oyatlarning yoritilishi” deb nomlangan ikkinchi bobida asarning qo‘lyozma nusxalari va ularning kodikologik tahlili o‘rganilgan, asarning o‘ziga xos jihatlari, muallifning oyatlarni sharhlashdagi uslubi ochib berilgan hamda “Ta’vilot al-Qur’on” va “Sharh at-Ta’vilot”dagi oyatlar izohi qiyosiy tahlil qilingan.

Ilmiy ishning “Sharh at-Ta’vilot” asarining oyatlarni ta’vil va tafsir qilishdagi ahamiyati” deb nomlangan uchinchi bobida Alouddin Samarqandiyning “tafsir” va “ta’vil” tushunchalarini izohlashdagi yondashuvi, ulamolarning ushbu atamalarga bergan ta’riflari, “Sharh at-Ta’vilot” asarida “Fotiha” surasining yoritilishi, Imom Moturidiyning oyatlarni sharhlashdagi uslubidan asarning farqli jihatlari tadqiq etilgan hamda asarning adashgan oqimlar g‘oyalariga qarshi kurashda tutgan o‘rni misollar orqali yoritib berilgan.

Shuningdek, Firdavs Xalimovning “XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Turkiston oʻlkasida vaqf mulklarini boshqarish shakli va uslublari” mavzusidagi dissertatsiyasining “Islom fiqhida vaqf tushunchasi va unga doir tashkiliy-huquqiy hamda moliyaviy masalalar”, deb nomlangan birinchi bobi birinchi bandi “Vaqfning lugʻaviy va istilohiy maʼno va mohiyati hamda vaqfga xos xususiyatlar” deb nomlanib, unda Vaqf soʻzi ifodalaydigan mazmun-maʼnolari uning lugʻaviy va istilohiy qoʻllanilishi toʻgʻrisida maʼlumotlar berilgan.

Dissertatsiyaning “XIX asr ikkinchi yarmi XX asr boshlarida Turkiston oʻlkasida vaqf mulklarini boshqarish anʼanalarining oʻziga xosliklari” deb nomlangan ikkinchi bobi birinchi bandi “Vaqf mulklarini boshqarishning huquqiy asoslari va meʼyorlari” deb ataladi.

Tadqiqotning uchinchi bobi “XIX asr ikkinchi yarmi XX asr boshlarida Turkiston oʻlkasi markaziy shaharlarida vaqf mulklarini boshqarish shakli va uslublari” deb nomlanib, uning “XIX-XX asrlarda Buxoro, Samarqand, Toshkent, Xiva shaharlaridagi vaqf mulklari tasnifi” deb atalgan birinchi bandida XIX asr 60-yillarida Toshkent shahrida 310 ga yaqin masjidlar mavjud boʻlgani, 1876-yilda eʼlon qilingan “Osiyo Toshkenti” nomli maqolada Toshkent shahridagi masjidlar soni borasida maʼlumotlar beriladi, jumladan Beshyogʻoch dahasida 68 ta, Shayxontohur dahasida 60ta, Koʻkcha dahasida 51ta, Sebzor dahasida 10 ta masjid boʻlgani haqida maʼlumotlar berilgan.

Qizg‘in bahs-munozaralar ostida o‘tgan dissertatsiyalar himoyasida so‘zga chiqqan ekspertlar tadqiqotchilarning ilmiy ishlarini chuqur ilmiy darajada o‘rganganini qayd etishdi. Aniq faktlarga tayanilgan ma’lumotlar mavzular ko‘lamini yanada ochib berilgani ta’kidlandi.

Yakunda tadqiqotchilarning dissertatsiyalari falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun munosib ekani bir ovozdan ma’qullandi.

O‘zbekiston xalqafo islom akademiyasi rahbariyati va jamoasi ilmiy ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilgan olimlarni samimiy muborakbod etib, ularning kelgusidagi ilmiy faoliyatiga ulkan zafarlar tilaydi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 

Izoh qoldirish