37

Ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlik – ilm-fan rivojiga xizmat qiladi

Yurtimizda “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi”, degan ezgu g‘oya asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Keyingi yillarda barcha sohalar qatori ta’lim sohasidagi islohotlar ham xalqaro jamoatchilik tomonidan e’tirof etilmoqda.

Shu maqsadda bugun Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi qoshidagi “Ziyo-zukko” umumtaʼlim maktabiga Yaponiyaning Nagoya universiteti Pedagogika va inson resurslarini rivojlantirish oliy maktabi professorlaridan iborat delegatsiya mehmon boʻldi.

Mazkur tashrifdan ko‘zlangan maqsad – respublikada maktab taʼlimi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishish, pedagog kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirishga doir hamkorlik masalalarini muhokama qilishdan iborat.

Pedagogika va inson resurslarini rivojlantirish oliy maktabi professori, dekan muovini Shibata Yasuaki boshchiligidagi delegatsiyani Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor Zohidjon Islomov, “Ziyo-zukko” umumtaʼlim maktabi direktori Nargiza Ismatova hamda Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Bahodir Xoʻjayev kutib oldi.

Suhbat avvalida Nargiza Ismatova mehmonlarni yurtimizda koʻrib turganidan mamnunligini bildirdi.

Nargiza Ismatova bugungi kunda davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan taʼlim sohasidagi islohotlar haqida maʼlumot berdi. Yurtimizdagi ta’lim tizimidagi islohotlar Uchinchi Renessans gʻoyasini roʻyobga chiqaradigan yangi avlodni voyaga yetkazish maqsadida amalga oshirilayotganini qayd etdi.

Chindan ham, har qanday taraqqiy topgan mamlakatning ertangi kuni yoshlarning qay darajada bilimli ekani bilan bevosita bog‘liq. Shu bois, ta’lim tizimini rivojlantirish masalasiga hukumat darajasida e’tibor qaratilishi har bir davlatning muhim vazifasi hisoblanadi.

Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganidek: “Hammamizga ayonki, taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu — ilm-fan, taʼlim va tarbiyadir. Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorugʻ istiqboli, birinchi navbatda, taʼlim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bogʻliq”.

O‘z navbatida Pedagogika va inson resurslarini rivojlantirish oliy maktabi professori, dekan muovini Shibata Yasuaki yuqori darajadagi mehmondo‘stlik uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari tarixan mazmunli, keng miqyosdagi hamkorlik aloqalariga boy bo‘lganini e’tirof etib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi.

Uchrashuv davomida Nargiza Ismatova “Ziyo-zukko” maktabi haqida so‘z yuritdi. Bugungi kunda maktabda 730 dan o‘quvchiga 130 dan ziyod o‘qituvchi saboq bermoqda. Matematika, O‘zbekiston tarixi, Ingliz tili va arab tili, Ona tili fanlaridan qo‘shimcha fanlar o‘qitiladi. Maktabda turli to‘garaklar mavjud.

Samimiy muloqotda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi qoshidagi “Ziyo-zukko” umumtaʼlim maktabi hamda Yaponiyaning Nagoya universiteti Pedagogika va inson resurslarini rivojlantirish oliy maktabi o‘rtasida o‘zaro pedagog kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirishga doir hamkorlik masalalariri muhokama etildi. 

Ikki mamlakat ta’lim muassasalaridagi o‘xshash metodlarni yanada rivojlantirish, yangicha metodlarni o‘rganish har ikki tomon uchun ham foydali bo‘lishi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida mehmonlar yuqori darajadagi mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish