61

Sog‘lom va xavfsiz hayot sari

Kashandalik inson salomatligi uchun o‘ta xavfli ekani allaqachon isbotlanganiga qaramasdan, aksariyat odamlar bu illatdan hamon voz kecholmayapti.

Shu bois, 1988-yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan “31-may – Xalqaro kashandalikka qarshi kurash kuni” deb e’lon qilingan.  

Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Shayxontohur tuman 48-oilaviy poliklinika hamda Fuqaro muhofazasi instituti bilan hamkorlikda “Inson hayotida kashandalik va cho‘milish havzalaridan noto‘gri foydalanishning mudhish oqibatlari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirni Akademiya Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov ochib berdi. 

Tadbirda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan, kashandalikning salbiy oqibatlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Shayxontohur tuman 48-oilaviy poliklinika shifokori Sevara Kenjayeva talabalarga tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish va uning salbiy oqibatlari haqida tushunchalar berdi. 

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, har yili tamaki iste’moli natijasida 6 millionga yaqin kishi hayotdan ko‘z yumadi va agar unga qarshi kurashga kirishmasak, bu ko‘rsatkich yiliga 8 milliondan oshadi. Tamaki iste’moli jinsi, yoshi, irqi va madaniyatiga qaramay, har qanday kishi uchun xavf tug‘diradi.

Shuningdek, tadbir doirasida suv havzalaridan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida kelib chiqadigan holatlar bo‘yicha videorolik namoyish etildi. Tadbirning ikkinchi qismida Fuqaro muhofazasi institutining katta o‘qituvchisi Xolmo‘min Azimov taqiqlangan suv havzalarida cho‘milish va uning oqibatida cho‘kish xavfi paydo bo‘lishi hamda cho‘kayotgan insonni qutqarish usullari to‘g‘risida ma‘lumot berdi.

Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldilar.

Izoh qoldirish