120

Globallashuv jarayonida islomni tushunish muammolari

Bashariyat tamaddunining bugungi bosqichini globallashuv jarayonisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Globallashuvning ilm-fan rivoji, axborot almashinuvidagi o‘rnini biror vosita bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Ammo qadriyatlar masalasi, inson insonni anglashi, e’tiqod va din borasidagi tushunmovchiliklar, dunyoning ayrim mintaqalaridagi ixtiloflar, milliy va diniy nizolarni hal etishda muammolar uchrayotgani achinarli hol.

Bu jarayonda yoshlarning ongi va mafkuraviy bo‘shlig‘ini dinimizga yot bo‘lgan g‘oyalar egallab borayotgani kuzatilmoqda. Mafkuraviy bo‘shliqni to‘ldirish va mafkuraviy immunitetni shakllantirish barkamol avlod tarbiyasining muhim omili sanaladi. Ayniqsa, tezkor axborot asrida dinni niqob qilib olgan siyosiy kuchlar, missionerlik, ekstremistik, terroristik mazmundagi g‘oyalar uchun yo‘l ochib bermaslik muhim. 

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqlaridagi “So‘nggi paytlarda ayrim mamlakatlarda ko‘zga tashlanayotgan diniy toqatsizlik, islomofobiya holatlariga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, deb hisoblayman… Biz ekstremizm balosi tarqalishiga, yoshlarning radikallashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun birgalikdagi harakatlarimizni kuchaytirishimiz zarur”, degan xitoblarini alohida ta’kidlash o‘rinli. 

Shu bois, so‘nggi yillarda yurtimizda turli sohalar qatori diniy-maʼrifiy yoʻnalishda ham ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Buyuk allomalar merosini tadqiq etishni yangi bosqichga koʻtarish maqsadida bir qancha xalqaro maqomdagi tadqiqot markazlarini ochilgani, oʻz yoʻnalishi boʻyicha yagona Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, turli xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi xalqimiz maʼnaviy hayotida muhim voqelik boʻldi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida o‘tkazilgan “Globallashuv jarayonida islomni tushunish muammolari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ham ana shu maqsad yo‘lidagi navbatdagi qadam boʻldi.

“Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini oʻrganish ICESCO” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan onlayn va oflayn shaklda o‘tkazilgan tadbirda dinlararo totuvlikni ta’minlash va radikalizmga qarshi kurash, musulmon jamiyatida konfessiyalararo muloqot: o‘tmish, hozirgi zamon va kelajak, islom oliy ta’limini rivojlantirish yo‘lida nufuzli milliy va xorijiy olimlarning ilmiy va uslubiy tajriba almashinuvi, islomshunoslik fanlarining rivojlanish an’analari va zamonaviy tendensiyalari: musulmon jamiyatlari tajribalari misolida kabi dolzarb mavzular muhokama qilindi.

Anjumanda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, ICESCOning UNESCOdagi vakolatxonasi rahbari doktor Somia Jakta, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, Indoneziyadagi Syarif Hidayatullah davlat islom universiteti rektori, professor Asep Saepudin Jahar kirish soʻzi bilan ochib berishdi.

– Bugungi ilmiy-amaliy anjumanning xalqaro maqomda o‘tkazilishi va unda aynan islom bilan bog‘liq masalalar, muammolar, rivojlanish bosqichlari kabi mavzular tilga olinayotgani bejiz emas, – dedi Akademiya rektori Uyg‘un G‘afurov. – Shu maqsadda islom ta’limoti va uning asoslarini o‘rganish, uni to‘laqonli ravishda asl manbalar orqali tushuntirish hamda bunga bag‘ishlangan tadqiqotlar o‘tkazish eng dolzarb, kechiktirib bo‘lmas vazifalardan hisoblanadi. 

So‘zga chiqqanlar an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro anjumanning nufuzi yildan-yilga oshib borayotganini bildirib, ishtirokchilarni samimiy muborakbod etdilar.

Konferensiyada Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti (ICESCO) vakili, doktor Yusuf Ismoiliy, ISAM – Islom tadqiqotlari markazi professori Ahmad Oʻzel, Buyuk Britaniya Milliy Zakot jamgʻarmasi Bosh ijrochi direktori, doktor Sohail Hanif, USIM – Malayziya islom ilmlari universiteti doktori Abdurrahmon Ubayd Husayn, doktor Shamsuddin Yabiy, Anqara sotsial bilimlar universiteti Ilohiyot fakulteti doktori Mahmud Samar, Al-Azhar universiteti shayxi, doktor Muhammad Abdulaziz Mash’al, Saljuk universiteti Ilohiyot fakulteti professori, Ramazan Altintash, Indoneziyadagi Syarif Hidayatullah davlat islom universiteti professori Maila Dinia Husni Rahiem, IRCICA – Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi, tarix fanlari doktori, professor Ashirbek Moʻminov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektorlari, professor-oʻqituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, soha mutaxassislari, taniqli olimlar hamda doktorantlar ishtirok etdi.

Anjumanda “E’tiqod va zamonaviylikning uyg‘unlashtirish: Indoneziyaning global tajribasiga nazar”, “ICESCO va uning islom olamidagi madaniyatlararo aloqa vositasi bo‘lgan arab tiliga qiziqishni rag‘batlantirishdagi roli”, “Islom va global tizimning terror o‘yini”, “Markaziy Osiyoning klassik hanafiy an’anasi: o‘tmish, bugun va kelajak”, “Qur’on ilmlarining shakllanishi va rivojlanishida sohaga oid asarlarning ilmiy ahamiyati”, “Bugungi fihq muammolarini baholashda maslahat va zarurat tamoyillariga tanqidiy nazar”, “Mazhab va mazhabsizlik: kecha va bugun”, “Ahli sunnaga ko‘ra takfir hodisasi va uning oqibatlari”, “Islom huquqida davlat hududi masalasi bo‘yicha yondashuvlar tasnifi”, “Bugungi kunda maktabgacha ta’lim: musulmon bolalarni zamonaviy dunyoda muvaffaqiyat va hayotga tayyorlash” hamda “Radikalizmning oldini olishda jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishning mohiyati” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Davra suhbatida bugungi globallashuv hamda tezkor axborot almashinuvi davrida yoshlar ma’naviyatini turli tahdidlardan asrash, xalqaro maydonda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarning asl mohiyatini ochib berish zaruratiga e’tibor qaratildi. Uchrashuvda so‘z olganlar islom tinchlik dini bo‘lib, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, tinchlik-osoyishtalikni qadrlash dolzarb vazifa ekanini qayd etdi. 

Qizg‘in muhokamalar, bahslarga boy o‘tgan anjumanda bugungi axborot asrida yoshlar tafakkurini kengaytirish, dinning mohiyatini teran anglash, islom ta’limotini to‘g‘ri tushunish, yoshlar ongida turli buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi immunitetni shakllantirish, bu borada hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ilmiy-amaliy anjumanlarni muntazam o‘tkazishga kelishib olindi.

Konferensiyaga mahalliy va xorijiy olimlar va tadqiqotchilarining 100 ga yaqin maqolasi taqdim qilingani uning ahamiyati va nufuzini belgilab beradi. Shulardan 20 ga yaqini xorij olimlari va tadqiqotchilarining maqolalari. Mazkur maqolalar tahrir hay’ati tomonidan ko‘rib chiqilib, to‘plamga 70 dan ziyod maqola kiritilishi rejalashtirilmoqda.

Ishtirokchilar e’tirofiga ko‘ra, mazkur xalqaro anjuman dinning mohiyatini teran anglashda, islom ta’limotini to‘g‘ri tushunish va anglashda, yoshlar ongida turli buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi immunitetni shakllantirishda dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, “Jaholatni faqat ma’rifat bilan yengish mumkinligi” nufuzli olimlar va yosh tadqiqotchilar tomonidan alohida ta’kidlandi. 

Mazkur xalqaro tadbir dinning mohiyati, islomning asl mazmunini anglashda hamda bu boradagi ayrim tushunmovchiliklarni bartaraf etishda muhim qadam bo‘lishi shubhasiz. Zero, jaholatni faqat ma’rifat bilan yengish mumkinligini bugun xalqaro hamjamiyat teran anglamoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish