73

Xorijiy tillarni o‘qitishda innovatsion texnologiyalardan foydalanish metodologiyasining ahamiyati

Bugungi globallashuv davr insoniyatning zamon bilan hamnafas odimlashini talab etadi. Turli soha mutaxassislari o‘z ona tilini mukammal bilish bilan bir qatorda, bir nechta xorijiy tillarda muloqot qila olishi maqsadga muvofiq.

Shu bois, yurtimizda xorijiy tillarni o‘rgatishni ommalashtirishni yangi bosqichga olib chiqish va sohani rivojlantirish uchun tizimli ishlarni tashkil etish, ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Xorijiy tillarni o‘qitishda innovatsion texnologiyalardan foydalanish metodologiyasining ahamiyati” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Mazkur anjuman xorijiy tillarni o‘qitishda innovatsion texnologiyalardan foydalanishning nazariy, metodologik va amaliy masalalarini muhokama etish va ushbu muammolar bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida tashkil etildi.

Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti “Chet tillari” kafedrasi tomonidan zamonaviy ta’limida chet tilini o‘qitishning nazariy, metodologik va amaliy masalalarini muhokama etish maqsadida tashkil etilgan anjumanda Buyuk Britaniyaning Reading universiteti magistranti Ilg‘or Asrorov, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti professori, filologiya fanlari doktori (DSc) Jamila Jumabayeva, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti kafedra mudiri, dotsent Mavluda Gulyamova, Akmal Yuldashev, Dilrabo Baxronova, Chet tillari kafedrasi mudiri Barno Shamsimetova, kafedra professor-o‘qituvchilari, nufuzli oliy ta’lim muassasalar hamda tashkilotlarning vakillari, anjumanga taklif etilgan mehmonlar hamda talabalar ishtirok etdi.

Anjumanni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov ochib berdi. Akademiya rektori bugungi kunda yurtimizda yoshlar orasida chet tillarini o‘rganishga bo‘lgan e’tibor yuksak darajaga ko‘tarilganini qayd etib, xalqimizda “Til bilgan – el biladi”, deb bejiz aytilmaganini ta’kidladi. Anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi.

Tadbirni Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti dekani Sayyora Chiniyeva olib bordi. 

Shundan so‘ng konferensiyada “Til korpuslari va ularning lingvodidaktikadagi o‘rni”, “Talabalarning kasbiy sifatlarini rivojlantirishning lingvodidaktik shart-sharoitlari”, Tilning kognitiv tadqiqi”, “Markaziy Osiyo mutafakkirlari va Toledo tarjimonlar maktabi”, “Tillarni masofaviy o‘qitishda zamonaviy texnologiyalarning ahamiyati” kabi mavzulardagi ma’ruzalar tinglandi.

Konferensiyada xorijiy tillarni o‘qitishda innovatsion texnologiyalardan foydalanishning dolzarb muammolari, tillarni o‘qitishda AKTni qo‘llash va innovatsion strategiyalar, nofilologik yo‘nalishdagi xorijiy tillarni o‘qitishning samaradorligini oshirish yo‘llari: ilg‘or tajribalar, turli sohada fanlarni chet tilida o‘qitish mahoratini oshirish, xorijiy tillarni til, tarjima va metodikani integratsiyalashtirgan holatda o‘qitish usul va yo‘llari kabi yo‘nalishlar muhokama markazida bo‘ldi.

Anjumanda so‘zga chiqqan ma’ruzachilar tomonidan sohada mavjud muammolar, ularga yechim topish, ilmiy tadqiqotlar natijalari o‘rtoqlashildi. 

Konferensiyada chet tili o‘rganishni ommalashtirish bugungi ta’lim tizimidagi ustuvor maqsadlardan biriga aylangani, buning samarasi esa hozir butun mamlakat bo‘ylab yoshlar orasida til o‘rganishga bo‘lgan qiziqishning keskin ortganini ta’kidladilar. Ta’lim sohasidagi bu sa’y-harakatlar xorijiy tillarda tahsil olish va o‘qitishda duch keladigan har qanday masalalarni hal etib, dunyo miqyosida vatanimiz ravnaqini ko‘rsata oladigan ilm-fan, ta’lim va taraqqiyot nufuzini ko‘tarishga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shishi qayd etildi.

Zero, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “Mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha kelajak uchun mustahkam poydevor bo‘ladigan yangi tizimni yo‘lga qo‘yish vaqti-soati keldi. Biz raqobatdosh davlat qurishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, bundan buyon maktab, litsey, kollej va oliy o‘quv yurti bitiruvchilari kamida 2 ta chet tilini mukammal bilishlari shart. Bu qatʼiy talab har bir taʼlim muassasasi rahbari faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi lozim”, degan xitoblari bugungi kun uchun dasturulamal bo‘lishi shubhasiz.

O‘zaro savol-javob, qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘lgan anjuman yakunida soha rivojidagi takliflar bildirildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish