169

Amir Temur – buyuk davlat arbobi, sarkarda, ilm-fan homiysi

Umumbashariyat tarixida mislsiz ahamiyatga ega boʻlgan buyuk Sohibqiron Amir Temur siymosida xalqimizning kuch-qudrati, adolatparvarligi, bunyodkorligi mujassam. Zero, Amir Temur o‘rta asrning yirik davlat arbobi, buyuk sarkarda, kuchli, markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi hisoblanadi.

Ma’lumki, har yili Amir Temur tavallud topgan sana yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanadi. Bu yil ham yurtimiz bo‘ylab ulug‘ sarkarda tavalludining 688 yilligi tadbirlari katta xursandchilik bilan o‘tkazildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham mazkur sana munosabati bilan “Amir Temur – buyuk davlat arbobi, sarkarda, ilm-fan homiysi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari nomzodi Xurshid Fayziyev, O‘zbek milliy akademik drama teatri direktori, O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diyev, Temuriylar tarixi davlat muzeti yetakchi ilmiy xodimi, professor Abdumajid Madraimov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlari, tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etdi.

Tantanali marosimni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov kirish so‘zi bilan ochib berdi. 

– Sohibqiron bobomizning Vatan ozodligi va uning himoyasi uchun olib borgan kurashlari ham tahsin loyiqdir, – dedi Uyg‘un G‘afurov. – Bugungi jahon maydonida yuz berayotgan tahlikali voqealar, turli ziddiyatlar, mamlakatimiz tinchligi yoʻlida yanada ogoh boʻlishimizni, “Temur tuzuklari”da berilgan oʻgitlar bugungi kunda ham dolzarb ahamiyatga ega ekanligini koʻrsatmoqda. Xususan, “Temur tuzuklari”da davlat tizimi, davlatdagi turli lavozimlarning vazifasi, undagi turli toifalar va ularga munosabat, davlatni boshqarishga asos boʻlgan qoidalar, qoʻshinlarning tuzilishi, tartibi, uni boshqarish, taʼminlash, ragʻbatlantirish kabi qator masalalar bayon etilgan. Ushbu oʻgitlar yoshlarni ona-yurtga muhabbat, vatanparvarlik  ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirni “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi mudiri Ne’matullo Muhamedov olib bordi. 

Shundan so‘ng Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari nomzodi Xurshid Fayziyev, O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diyev, Temuriylar tarixi davlat muzeti yetakchi ilmiy xodimi, professor Abdumajid Madraimov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori Ahadjon Hasanov so‘zga chiqib, buyuk bobomizning hayotiga oid qiziqarli ma’lumotlar, uning dunyo tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasi haqida so‘z yuritishdi.

Tadbirda buyuk sarkarda, yirik davlat arbobi, ilm-fan va madaniyat homiysi bo‘lgan Amir Temur tavalludining 688 yilligi arafasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ulug‘-ajdodlarimiz siymosiga yuksak ehtirom ko‘rsatish, Amir Temur va temuriylar davri davlatchiligi, maʼnaviyati oʻzining salohiyati, mazmuni, tarbiyaviy kuchi va taʼsiri bilan xalqimiz tarixida alohida oʻrin tutgani borasida soʻz yuritildi.

Sohibqiron Amir Temur bunyodkorlik, adolat, insof-u diyonatni oʻzi uchun shior bilib, xalq dard-u tashvishi bilan yashagan, ilm-fan, madaniyat va maʼnaviyat homiysi boʻlgani taʼkidlab oʻtildi. “Temur tuzuklari” asari yoshlarni vatanparvarlik, milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Muxtasar aytganda, talabalar ishtirokida bu kabi tadbirlarni keng miqyosda oʻtkazish, yoshlar ongida ulugʻ ajdodlarimiz bilan faxrlanish, ularga munosib boʻlishga intilish tuygʻusini kuchaytiradi va shu bilan birga vatanparvar avlodni kamolga yetkazishda zamin boʻlib xizmat qiladi.

Oʻtkazilgan tadbir talabalarda katta taassurot qoldirdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish