146

Maxtumquli ijodi – o‘zbek va turkman xalqlari do‘stligi timsoli

Turkman xalqining ulug‘ farzandi Maxtumquli Firog‘iy nafaqat turkiy xalqlar, ayni paytda jahon adabiyoti va madaniyati tarixida alohida o‘rin egallagan atoqli shoir va mutafakkirdir. Ulug‘ shoir nafaqat turkman, balki o‘zbek xalqining ham sevimli ijodkori hisoblanadi.  

Shu bois, davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 19-fevral kuni “Buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, yurtimiz bo‘ylab shoir hayoti va ijodiga bag‘ishlangan adabiy uchrashuvlar, ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazilishi belgilandi.

Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Maxtumquli ijodi – o‘zbek va turkman xalqlari do‘stligi timsoli” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti “O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, fakultet dekani Sayyora Chiniyeva, Respublika Turkman milliy-madaniy markazi raisi Guldona Avezdurdiyeva, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori Bahodir Karimov, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi markazi rahbari, tarix fanlari doktori, professor Saodat Davlatova, Akademiya professori Aftondil Erkinov, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdilar.

Tadbirni “O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi mudiri Zuhra Aripova olib bordi.

Unda so‘zga chiqqanlar tomonidan hassos so‘z san’atkorining chuqur insonparvarlik tuyg‘usi bilan sug‘orilgan asarlari turli millat va elatlar o‘rtasida o‘zaro ahillik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan mazmun-mohiyati bilan barcha, ayniqsa, yoshlar uchun ibrat namunasi ekani haqida so‘z yuritildi.

Chindan ham yurtimiz dunyoda Maxtumquli asarlari eng ko‘p nashr qilinadigan va o‘qiladigan mamlakatlardan biri sifatida e’tirof etilishi, albatta bejiz emas. Maxtumquli asrlar mobaynida xalqimizning o‘z shoiriga aylangan. Uning she’rlari o‘zining teran falsafiy ma’nosi, xalqona ruhi, yuksak badiiyati bilan baxshi va hofizlarimiz, shoirlarimizga ilhom bag‘ishlab, hamisha davralarda yangrab, el-yurtimiz qalbida yashab keladi.

Davra suhbatida Maxtumqulining o‘z davrida Xivadagi mashhur Sherg‘ozixon madrasasida tahsil olgani, Alisher Navoiydek buyuk so‘z san’atkorini o‘ziga ustoz deb bilgani xalqlarimiz o‘rtasidagi chinakam do‘stlikning ajoyib namunasi ekani e’tirof etildi.

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik hamda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari tarixida Maxtumquli Firog‘iyning o‘lmas badiiy merosi xalqlarimiz uchun yanada muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.

Tadbir davomida Respublika Turkman milliy-madaniy markazi badiiy jamoasining musiqali chiqishlari, Akademiya talabalarining shoir ijodidan namunalar o‘qishi yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish