138

Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!

Ona zamin va tabiatga mehr-muhabbat, saxovat va muruvvat, bunyodkorlik va olijanoblik kabi xalqimizga xos ezgu fazilatlar eng qadimiy bayramimiz bo‘lgan Navro‘z timsolida asrlar davomida ulug‘lanib, sayqal topib kelmoqda.

Zero, Navro‘zi olam – bahor va tabiat uyg‘onishining timsoli, sharqona yangi yilning boshlanishi sanaladi. Xalqimizning ko‘p asrlik ezgu qadriyatlarini, uning orzu-intilishlarini o‘zida mujassam etgan ushbu qutlug‘ ayyom mustaqillik yillarida mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elatlarga mansub barcha vatandoshlarimiz uchun umumxalq bayramiga aylandi.

Ayniqsa, bugun, dunyoda murakkab vaziyat hukm surayotgan hozirgi tahlikali davrda Navro‘zning buyuk insonparvarlik mohiyati, o‘lmas g‘oyalari, odamzotni tinchlik va do‘stlikni qadrlab, o‘zaro ahillik va hamjihatlikda yashashga, hayotni yanada go‘zal va obod qilishga undaydigan bunyodkorlik ruhi va falsafasi yer yuzidagi turli xalqlarning olijanob intilishlariga ham g‘oyat uyg‘un va hamohangdir.

Shu munosabat bilan joriy yilning 4-mart sanasida “2024-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori imzolandi.

Ayyom munosabati bilan yurtimizda istiqomat qiluvchi turli millat va elat vakillari, qalbi orzu maqsadlarga limmo-lim yoshlar, har so‘zida hikmat, yuzidan nur yog‘ilib turgan nuroniylar “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” shiori ostidagi bayram tantanalarida ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” shiori ostida bayram sayli o‘tkazildi. Bayram davomida Akademiyada ko‘p yillar faoliyat yuritgan faxriy ustozlar xonadoniga borilib, bayram tuhfalari va Navro‘z taomi – sumalak ulashilib, barchaga mehr-e’tibor ko‘rsatildi.

Yurtimiz ko‘p millatli, turli dinlar vakillari yashaydigan bag‘rikeng diyor sanaladi. Ezgulik va bunyodkorlik qadriyatlarini targ‘ib etuvchi Navro‘z bayrami yurtimizda istiqomat qiluvchi turli millat vakillarining ham e’tiborida bo‘ldi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida tashkil etilgan Navro‘z bayrami tantanalariga tashrif buyurgan mehmonlarga Navro‘z bayramining tarixi, uning boy ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati haqida ma’lumot berildi. Doshqozonlarda qaynayotgan sumalak, bayramona muhit mehmonlarda katta taassurot uyg‘otdi.

Shodiyonada O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori o‘rinbosari Firdavs Halimov, yurtimizdagi diniy konfessiya vakillari, Milliy madaniy markaz vakillari, Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlar, Akademik litsey, “Ziyo-zukko” umumta’lim maktabi o‘qituvchi-o‘quvchilari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi, Malaka oshirish markazi xodimlari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdilar.

Tadbirda Akademiya rektori Uyg‘un G‘afurov ayyom bilan barchani muborakbod etdi. Akademiya rektori o‘z tabrigida barchani yana bir bor uyg‘onish va yangilanish ayyomi Navro‘z bilan tabriklab, bu bayram bu yil muborak Ramazon oyi bilan qo‘shaloq tarzda nishonlanayotgani, Navro‘z qut-baraka elchisi ekani, o‘zining barhayotligi, umuminsoniy g‘oyalari bilan bashariyat hayotidan tobora chuqur o‘rin egallayotganini ta’kidladi.

Marosim davomida yurtimizda istiqomat qiluvchi turli millat va elat vakillarining Navro‘zni nishonlashga oid urf-odatlari, an’ana va qadriyatlarni aks ettirgan sahna ko‘rinishlari, she’riy-musiqiy chiqishlar namoyish qilindi. 

Akademiya talabalari tomonidan “Yorim do‘qi-do‘qi”, “Kim oladi-yo shuginaniya”, “Go‘zal Toshkent”, “Sumalakdan tosh topdim” kabi qo‘shiqlar ijro etildi.

Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan tadbirda xalq o‘yinlari (kurash, arqon tortish, tosh ko‘tarish) o‘yinlari tashkil etildi. Bahoriy taomlar, sumalak sayli, kitoblar savdo yarmarkasi tashkil etildi.

Talabalar o‘rtasidagi sport o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlariga mutasaddilar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, samarali ish faoliyati va mehnati bilan barchaga o‘rnak bo‘lgan Akademiyaning bir guruh o‘qituvchi-xodimlariga tashakkurnomalar topshirildi.

Milliy atlas va adras liboslari, turli millat xalq hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi namoyish etildi. Akademiya talabalari tomonidan Navro‘z va milliy urf-odatlarga oid badiiy chiqishlar, yurtimiz turli viloyatlarining o‘ziga xos urf-odatlari aks etgan sahna ko‘rinishlari, respublika Milliy-madaniy markazlari ansambllarining badiiy chiqishlari bayram tadbiriga yanada fayz ulashdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish