138

Akademiyada “Notiqlik san’ati” mavzusida trening tashkil etildi

Kishilik jamiyati paydo bo‘libdiki, so‘z va nutqdan foydalanish, uning imkoniyatlari doirasida fikr yetkazish va qabul qilishning turli usullari shakllangan. Zero, taraqqiyot, insonlar dunyoqarashi jadal rivojlangan va yuksak rivojlangan texnologiyalar davrida notiqlikning o‘rni beqiyos. 

Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida jurnalist, teleradioboshlovchi, “AUDIONOMA” loyihasi asoschisi va Teleradioboshlovchilarni tayyorlash maktabi rahbari Najot Nur bilan “Notiqlik san’ati” mavzusida trening tashkil etildi.

Tadbirda Akademiya prorektorlari, xodimlar, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdilar.

Treningni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov kirish so‘zi bilan ochib berar ekan, bugungi globallashuv davrida jaholatga qarshi chuqur bilim va ma’rifat bilan javob bera olish, voizlik mahorati orqali fikr yetkazish sanʼatini egallashni davrning oʻzi talab qilib turgani haqida fikr yuritdi.

Ma’lumki, notiqlik san’ati – amaliy jihatdan chiroyli nutq tuzishning qonuniyatlari, sirlari, til meʼyorlari, nutqning sifatlari, nutq uslublarini o‘rganuvchi va o‘rgatuvchi hamda nutqda uchrashi mumkin boʻlgan nuqsonlar, talaffuzga doir muammolarni hal etish yuzasidan bahs yurituvchi fan bo‘lib, bugungi kunda ijtimoiy hayotning barcha sohalarida faoliyat yurituvchi insonlar uchun notiqlik mahoratini egallash zaruriyatga aylanib bormoqda. 

Trening davomida mutaxassis Najot Nur tomonidan insonda notiqlik rivojlanishida eng avvalo, kitobxonlik madaniyati shakllanish, ko‘proq mutolaa madaniyati bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

– Har birimiz notiqmiz, ammo notiq bo‘lishimiz uchun to‘sqinlik qilayotgan muammolar bor, – deydi Najot Nur. – Birinchisi, omma oldiga chiqqanda his-hayajon va qo‘rquv paydo bo‘lishi. Ikkinchisi esa fikrlarning tizimli emasligi. Ovozni o‘ziga yoqmasligi ham uchraydi. Shuningdek, omma oldida so‘zini unutib qo‘yish hamda so‘z boyligining yetishmasligi kuzatiladi. Bularning barchasiga sabab esa kitob mutolaasining kamligidir. Ko‘p kitob o‘qigan insonning fikrlashi tez va mushohadali, so‘z boyligi esa ko‘p bo‘ladi. 

Treningda nutqni rivojlantiruvchi mashqlar, amaliy qo‘llanmalar haqida ma’lumot berildi. 

Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish